Bolalar mehnati masalalari bo`yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash ish rejasiga muvofiq O`zbekistonda bolalar mehnati bo`yicha milliy monitoring o`tkazilmoqda. Joriy yilning 18 sentyabridan 25 oktyabrigacha davom etishi rejalashtirilgan mazkur monitoringni o`tkazish maqsadida mamlakat kasaba uyushmalari rahbarligida 8 ta territorial ishchi guruhlari tuzilib, ularga Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Kasaba uyushmalarining xotin-qizlar Kengashlari, hududiy nodavlat tashkilotlar vakillari jalb etildi. Shuningdek, ushbu monitoringda Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari faol ishtirok etmoqdalar va ular tomonidan texnik ko`mak ko`rsatilmoqda.
15 oktyabr holatiga ko`ra, territorial ishchi guruhlari ekspertlari tomonidan taxminan 30 ming kilometr masofa bosib o`tilib, 124 ta qishloq tumanlariga tashrif buyurilgan. Shular davomida potensial xavf mavjud bo`lgan joylarga 548 marta, jumladan kasb-hunar kollejlari va akademik liseylarga 247 marta, fermer xo`jaliklariga 301 marta tashrif buyurilgan. Bu haqda O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi portali xabar berdi.
Territorial monitoring guruhi ma`lumotlariga ko`ra, akademik lisey va kasb-hunar kollejlarida o`rtacha davomat ko`rsatkichi 89 foizga teng.
Barcha ta`lim muassasalarida 18 yoshdan kichik bo`lgan o`quvchilarning paxta terimiga jalb qilinishi mumkin emasligi haqida e`lonlar osib qo`yilgan.
Territorial monitoring guruhi tomonidan bolalarning paxta dalalarida ishlayotgani aniqlangan alohida holatlar bo`yicha dalolatnomalar tuzildi va mehnat inspeksiyasi yordamida ma`muriy javobgarlik to`g`risida ish ochildi.
Jahon bankining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi N. Nakvi so`zlariga ko`ra, vakillar dalalarga tashrif buyurib, bolalar mehnatini ko`rmadi. Ular barcha ishlar Xalqaro mehnat tashkiloti missiyasining 2013 yildagi hisobotida qayd etilgani kabi borayotganiga amin bo`ldi. Tashrif buyurilgan barcha fermer xo`jaliklari paxta teruvchilar bilan shartnoma tuzgan bo`lib, ularning pasport nusxalariga ega. Eng yosh terimchi 19 yoshda ekani ma`lum bo`ldi. Shu tariqa, Jahon banki vakillari maktab o`quvchilarini tizimli ravishda paxta terimiga jalb etish bo`yicha hech qanday dalillarni qo`lga kiritmadi. Bu, ularning fikricha, XMTning o`tgan yilgi hisobotiga to`g`ri keladi.





