AsosiyJamiyat

O`zbekistonda ilk marotaba Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada o`tkaziladi

'O`zbekistonda ilk marotaba Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada o`tkaziladi'ning rasmi

Shu yilning 28-30 oktyabr kunlari Urganch shahrida ilk marotaba talabalar o`rtasida matematika bo`yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada o`tkaziladi.

Aytish kerakki, ushbu nufuzli xalqaro olimpiadani tashkil etish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan 2017 yilning sentyabrida Ostona shahrida bo`lib o`tgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo`yicha birinchi sammitida ilgari surilgan edi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yilning 26 avgustdagi qarori bilan oliy ta`lim muassasalari talabalari o`rtasida har ikki yilda bir marta matematika bo`yicha Muhammad Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiadani tashkil etish belgilandi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiadani tashkil etishdan ko`zlangan asosiy maqsad buyuk allomaning jahon ilm-fani va sivilizasiyasi rivojiga qo`shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda targ`ib etish, qolaversa, iqtidorli talabalarni qo`llab-quvvatlash, ularni fundamental va aniq fanlar bilan shug`ullanishga keng jalb etish hamda ilm-fan yo`lida xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat.

O`zbekistonlik talabalar shu kunga qadar xalqaro matematika olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etishgan, biroq mamlakatimiz talabalar o`rtasida o`tkaziladigan o`zining nufuzli xalqaro olimpiadasiga ega bo`lmagan. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada tarixning yangi sahifasi bo`lib, O`zbekistonning dunyo hamjamiyatida nufuzi tobora ortib borayotganini ko`rsatadi.

Nufuzli xalqaro olimpiadada dunyoning 20 davlatidan 58 universitet jamoalari ishtirok etadi. Olimpiadada 334 nafar talaba o`zaro bellashadi, ularga 100 nafar jamoa rahbarlari hamrohlik qiladi.

Hakamlar hay`ati matematika fanidan dunyoning taniqli xalqaro darajadagi ekspertlari, MDH davlatlarining professor-o`qituvchilari va yurtimizning tajribali professor-olimlari, mahoratli amaliyotchi o`qituvchilaridan tashkil topadi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiadada g`olibliklikni qo`lga kiritgan o`zbekistonlik talabalarga matematika, fizika, axborot texnologiyalari yo`nalishlari bo`yicha magistraturaga kvotadan tashqari davlat granti asosida kirish huquqi beriladi.

    Boshqa yangiliklar