Hukumat qarori bilan Innovasion rivojlanish vazirligi huzurida Xalqaro molekulyar allergologiya markazi tashkil etildi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali.
Qarorga muvofiq, quyidagilar Xalqaro markaz faoliyatining asosiy vazifa va yo`nalishlaridan etib belgilandi:
- ultrazamonaviy biologik mikrochiplarni qo`llash orqali allergik kasalliklarni diagnostika qilish sohasida innovasion texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, shu kabi kasalliklarni davolash va profilaktika qilish;
- allergik kasallik haqida jamlangan ma`lumotlar, allergen turlari, shoshilinch holatlarni rivojlanish riski to`g`risidagi boshqa ma`lumotlarni o`z ichiga oluvchi “allergik pasport” yaratish;
- molekulyar allergologiya sohasida faoliyat yuritayotgan yosh olimlar va xorijlik ekspertlarni hamkorlikka jalb qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.
Xalqaro markaz o`ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi, Immunologiya va inson genomikasi instituti va boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.






