1

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada yakunlandi

Jamiyat 30.10.2018, 23:09
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada yakunlandi

Urganch shahrida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi birinchi xalqaro olimpiada o`tkazildi. Unda mamlakatimiz yosh matematiklari bilan birga 20 dan ortiq mamlakatning 56 oliy ta`lim muassasasi talabalari o`z bilimini sinovdan o`tkazdi.

Bu nufuzli xalqaro olimpiadani tashkil etish tashabbusi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan 2017 yilning sentyabrida Qozog`iston poytaxti Ostona shahrida bo`lib o`tgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo`yicha birinchi sammitida ilgari surilganini yaxshi eslaymiz.

Darhaqiqat, buyuk mutafakkir, algebra fani asoschisi Muhammad al-Xorazmiyning jahon sivilizasiyasiga qo`shgan beqiyos hissasi dunyo ahlini hali-hamon hayratga solib keladi. Zamonaviy matematika, geometriya, trigonometriya, geografiya kabi fanlar, axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasida erishilayotgan yutuqlarning tamal toshi aynan Xorazmiy bobomiz qoldirgan ilmiy meros bilan chambarchas bog`liq.

Shu bois, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 avgustdagi qarori bilan oliy ta`lim muassasalari talabalari o`rtasida har ikki yilda bir marta matematika bo`yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada o`tkaziladigan bo`ldi. Mazkur olimpiadaning aynan Xorazmda o`tkazilishida ham katta ma`no mujassam. Zero, Xorazmiy bobomiz shu zaminda tug`ilib, voyaga etdi. Keyinchalik dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa bo`lib qo`shilgan ilmiy g`oyalar shu tarixiy diyorda paydo bo`lgan, maromiga etgan.

– Bu xalqaro olimpiadani tashkil etishdan ko`zlangan asosiy maqsad buyuk allomaning jahon ilm-fani va sivilizasiyasi rivojiga qo`shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda targ`ib qilish, iqtidorli talabalarni qo`llab-quvvatlash, ularning matematika fani bo`yicha bilimini yanada mustahkamlash, ilm-fan yo`lida xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat, – deydi fizika-matematika fanlari doktori, akademik Abdulla A`zamov. – Ezgu tashabbusning amalga oshganini va keyinchalik takomillashib borishini yoshlarning ilm-fan rivojiga muhim hissa qo`shishi uchun ochilgan keng yo`l, deyish mumkin.

Olimpiada ishtirokchilari Urganch va Xiva shaharlarini ziyorat qildi. Qadimiy Xorazmning tarixi va bir necha asrlardan buyon saqlanib kelayotgan osori-atiqalari bilan tanishdi. Urganch shahri markazidagi buyuk mutafakkir alloma nomi bilan ataluvchi bog`da bo`lishdi. Al- Xorazmiy siymosiga hurmat bajo keltirilib, uning poyiga gulchambarlar qo`yildi.

– Urganch davlat universiteti mahobatli va chiroyli ekan, – deydi Mongoliya universiteti professori Olzibat Munhadava. – Muassasada talabalar uchun yaratilgan sharoitlar a`lo darajada. Yoshlar bilan suhbatlashganimizda ularning bilim darajasi, fikrlashi bizda katta taassurot qoldirdi. Bizning talabalarimiz turli dasturlar bo`yicha izlanishlar olib borishadi, bu borada yoshlaringiz bilan hamkorlik foydadan xoli bo`lmaydi.

Xalqaro olimpiadaning asosiy sinovlari Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida o`tkazildi. Intellektual bahslarni yurtimiz va dunyoning taniqli matematiklari, xalqaro ekspertlar, professor-o`qituvchilardan iborat hakamlar hay`ati kuzatib bordi.

– Biz 5 ta matematik masalani 5 soat davomida ishladik, – deydi Xitoyning Pekin universiteti talabasi Minghui Ouyang. – Savollar algebra, matematik analiz, geometriya, kombinatorika yo`nalishlarini o`z ichiga oldi. Har bir masala engil, o`rta, og`ir daraja asosida ball sistemasida baholandi. Musobaqaning yaxshi tashkil etilgani bizga ma`qul bo`ldi. Eng muhimi, unda ishtirok etib, do`stlar orttirganimizdan mamnunmiz.

Xalqaro olimpiadada eng yaxshi natijani Xitoyning Pekin universiteti, Eronning Sharif texnologiya universiteti, Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti talabalari qayd etdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1