AsosiyJamiyat

Bir kilogrammaga yaqin tilla buyumlar ushlab qolindi

«Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda tilla buyumlarning noqonuniy olib o`tilishi bilan bog`liq bir nechta qonunbuzarlik holatlariga nuqta qo`yildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo`mitasi xabar bermoqda.

Xususan, qo`qonlik ayolga tegishli sumka bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, unda bojxona bayonnomasida ko`rsatilmagan va bojxona xodimining og`zaki so`rovi paytida aytilmagan 75 gramm og`irlikdagi tilla buyumlar yashirilgani fosh bo`ldi.

Yuk sumkasiga tilladan yasalgan 152 gramm og`irlikdagi zargarlik buyumlarini yashirib olgan poytaxtlik ayolga ham bojxona nazoratidan «eson-omon» o`tib olish nasib etmadi.

Nazorat-rentgen apparati lentasidan o`tayotgan yo`l sumkalaridan birining ekrandagi shubhali tasviri o`z tasdig`ini topdi. Bojxonachilar tomonidan samarqandlik ayolga tegishli mazkur bagaj ko`zdan kechirilganda, unga umumiy og`irligi 198 grammni tashkil qiluvchi tilla taqinchoqlar yashirilgani aniqlandi.

Bojxona ko`rigi davomida buxorolik ayolning qing`ir qilmishlariga ham nuqta qo`yildi. U tomonidan yashirincha olib o`tishga urinilgan zargarlik buyumlari olib qo`yilganidan so`ng, unga tegishli sumka naqd 531 grammga engillashdi.

Mazkur bojxona qoidabuzarliklarining barchasi Istanbul — Toshkent reysi yo`lovchilari tomonidan sodir etilgan bo`lib, hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o`tamiz, jismoniy shaxslar tomonidan O`zbekiston Respublikasi hududiga aksiz solig`i solinmaydigan tovarlarni olib kirishning cheklangan me`yorlariga muvofiq jismoniy shaxslarga O`zbekistonga kirayotganda aksiz solig`ini to`lamasdan umumiy og`irligi 30 grammdan oshmaydigan, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan beshta zargarlik buyumini olib kirishga ruxsat beriladi.

Belgilangan me`yordan ortiqcha olib kirilgan tilla buyumlari uchun esa o`rnatilgan tartibda bojxona to`lovlari undiriladi.

    Boshqa yangiliklar