1

Xalqaro musobaqa g`olibiga yoshlar ittifoqi Farg`ona viloyat Kengashi tomonidan qimmatbaho sovg`alar taqdim etildi

Jamiyat 01.11.2018, 15:12
Xalqaro musobaqa g`olibiga yoshlar ittifoqi Farg`ona viloyat Kengashi tomonidan qimmatbaho sovg`alar taqdim etildi

Xalqaro musobaqa g`olibiga yoshlar ittifoqi Farg`ona viloyat Kengashi tomonidan bir javon kitob va qimmatbaho sovg`alar taqdim etildi

Joriy yilning 22-iyul sanasida Rossiya federasiyasi Moskva shahrida “ALOHA mantiqiy arifmetika xalqaro musobaqasi” bo`lib o`tgan edi. Musobaqada 39 ta mamlakat (Bangladesh, Xitoy, Germaniya, Hindiston, Malayziya, Nepal, Portugaliya, Rossiya, Ispaniya va boshqalar) dan tashrif buyurgan 5 yoshdan 13 yoshgacha bo`lgan 600 nafardan ortiq bolalar qatnashishdi.

Dunyoning ko`plab etakchi davlatlari bilan bir qatorda bizning O`zbekistondan ham munosib vakil - Muhammadaziz Sobirov ham faol ishtirok etib, g`olib bo`lgan edi.

Kuni kecha o`z bilimi, namunali xulqi bilan tengdoshlariga o`rnak bo`layotgan Rishton tumanidagi 27-maktabning 2-sinf o`quvchisi bizning qahramonimiz Muhammadazizga O`zbekiston yoshlar ittifoqi Farg`ona viloyat Kengashi tomonidan qimmatbaho sovg`alar hamda bir javon kitoblar taqdim etildi.

Tadbirda Muhammadazizning ota-onasi, ustozlari va tengdosh do`stlari ishtirok etishdi.

–O`g`lim qatnashgan xalqaro musobaqa hali ham ko`z o`ngimdan ketmaydi. U Rossiya Federasiyasi Prezidentining tabrik xati bilan ochib berilgan edi. Musobaqa shartiga muvofiq, har bir ishtirokchi 5 daqiqa davomida 70 ta arifmetik mashqlarni hech qanday uskuna va qog`ozlarsiz mantiqiy hisoblashlari lozim edi. Farzandlarini to`g`ridan-to`g`ri kuzatib turgan 1500 nafardan ortiq ota-onalar ichida men ham farzandimni ich-ichimdan duo qilib turdim. U birinchilardan bo`lib hakamlar bergan matematik amallarni to`g`ri va aniq echdi. Va o`g`lim 39 ta mamlakat yoshlari ichida g`oliblikni qo`lga kiritdi. Farzand kamolini ko`rish qanday baxt ekanini o`shanda anglab etdim, – deydi Muhammadazizning otasi Akmaljon Ohunov.

Muhammadaziz maktabdan tashqari rasm chizish va til o`rganish to`garaklariga ham qatnashadi. Muhammadazizning aytishicha, hozirda ingliz tilini ham o`rganishga bel bog`lagan. Chunki xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ingliz tilini bilish ham katta ahamiyat kasb etadi.

O`zi jajji, ammo orzulari katta Muhammadazizning oldinda rejalari ko`p. Biz unga faqat omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1