AsosiyJamiyat

Sirg`ali hokimi mashina bozori oldidagi tirbandliklarda «madaniyatsiz haydovchilar»ni aybladi

Toshkent shahar Sirg`ali tumani hokimi Furqat Maqsudxo`jaev 17 oktyabr kuni bo`lib o`tgan matbuot anjumanida «Sirg`ali» mashina bozori oldida muntazam tirbandliklar yuzaga kelishi holatiga to`xtalib o`tdi. Bu haqda «Kun» xabar bermoqda.

Podrobno.uz’ning yozishicha, Sirg`ali hokimi yo`llarda tirbandliklar hosil bo`lishi bilan bog`liq ushbu holatni mahalliy haydovchilarda madaniyatning etishmasligi bilan izohladi.

Maqsudxo`jaevning so`zlariga ko`ra, foydalanuvchilarga qulay bo`lishi uchun bozorning orqa tomonidan ham kirish yo`li ochilgan bo`lib, bu holat asosiy yo`ldagi avtomobillar qatnovini biroz kamaytirgan.

Bundan tashqari, yana bir qo`shimcha avtoturargoh qurilgan, biroq haydovchilar undan deyarli foydalanmaydi — «deyarli hamma o`z avtomobilini yo`l yoqasiga qo`yib ketishni ma`qul ko`radi».

«Haydovchilarimiz oddiy haydash va avtomobilni to`g`ri to`xtatib qo`yish madaniyatini o`rganmagunlaricha, vaziyat o`zgarmaydi», — deya Sirg`ali tumani hokimi so`zlaridan iqtibos keltirmoqda Podrobno.uz.

Internet-nashr xabarida Sirg`ali hokimi haydovchilik madaniyatini singdirish uchun biror bir muqobil yo`l taklif qilganmi-yo`qmi, bu haqda ma`lumot berilmagan.

Ma`lumot uchun, haftaning har dam olish kunlari, ayniqsa, «Sirg`ali» foydalanuvdagi avtomobil va ehtiyot qismlari bozorida savdolar eng yuqori cho`qqiga chiqadigan yakshanba kuni bozor oldidagi Yangi Sirg`ali yo`lida muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga keladi.

    Boshqa yangiliklar