Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi rahbari Xelen Klark xonim hamda Gumanitar yordam va fuqarolik mudofaasi bo`yicha Evropa komissiyasi Bosh direktorligi vakillari Toshkent fuqarolik mudofaasi institutida Toshkent zilzilalar simulyasiyasi majmuasini ochdi, deb xabar bermoqda UzDaily.
Majmua seysmik faolligi yuqori bo`lgan Markaziy Osiyo mintaqasidagi O`zbekistonda zilzilalarga tayyorgarlik ko`rishni tashkillashtirish maqsadida ochildi. Aholining tabiiy ofatlar to`g`risidagi xabardorligini oshirish va bunday vaziyatlardagi matonatini o`stirish orqali tayyorgarlik darajasini ko`tarish majmuaning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Klark xonim majmuaga tashrifi davomida sun`iy zilzila simulyasiyasida ham qatnashgan. Majmua qurilishida yuqorida keltirilgan xalqaro tashkilotlar bo`linmalaridan tashqari O`zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi va Fanlar akademiyasi vakillari ishtirok etgan.





