O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma`rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni ijrosini ta`minlash, islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo`shgan buyuk vatandoshlarimizning boy merosini chuqur o`rganish, ular tomonidan asos solingan hadis ilmi maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish hamda sohaga oid oliy ma`lumotli etuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida» qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, Hadis ilmi maktabi O`zbekiston musulmonlari idorasi muassisligidagi oliy diniy ta`lim beruvchi nodavlat ta`lim muassasasi hisoblanadi. Maktab bitiruvchilariga beriladigan davlat namunasidagi diplom O`zbekiston Respublikasida oliy diniy ta`lim sohasidagi bakalavr darajasini beruvchi oliy ma`lumot to`g`risidagi hujjat deb e`tirof etiladi. Maktabda “Hadisshunoslik” ta`lim yo`nalishi bo`yicha bakalavr darajasidagi kadrlar tayyorlanadi.
Hadis ilmi maktabining asosiy vazifasi Qur`oni karim va hadislarning asl mohiyatini, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini chuqur o`rgangan, hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo`shgan ulug` vatandoshlarimizning ulkan ilmiy merosini puxta o`zlashtirgan, hadisshunoslik sohasida ilmiy izlanishlar olib borish ko`nikmasiga ega mutaxassislarni tayyorlash hisoblanadi. Shuningdek, hadisshunoslik maktabi shakllanishi va rivojlanishi, uning ilmiy-ma`naviy asoslarini har tomonlama chuqur o`rganish, tadqiq etish va uning natijalari asosida hadislardagi ezgu umuminsoniy g`oyalarni xalqimizga, ayniqsa, yosh avlodga etkazish ham maktabning asosiy vazifasi etib belgilangan.
Hadis ilmi maktabida o`qish muddati besh yil bo`lib, kunduzgi ta`lim shaklida olib boriladi. Maktabga arab tilini puxta o`zlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati bo`lgan o`rta maxsus diniy ta`lim muassasalarining iqtidorli bitiruvchilari saralab olinadi.
Qororda belgilanganidek, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda maktab bilan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy va ta`lim muassasalari o`rtasida hamkorlik aloqalarini o`rnatish, xorijlik professor-o`qituvchilarni maktabga jalb qilish bo`yicha tizimli ishlarni amalga oshiradi. Shuningdek, maktab professor-o`qituvchilarini malaka oshirish, tajriba almashish va o`qitish uchun chet mamlakatlarga yuborish choralarini ko`radi.
Din ishlari bo`yicha qo`mita Matbuot xizmati