AsosiyJamiyat

Saylov komissiyalari raislari uchun seminar o`tkazildi

2014 yilgi saylovni yoritish bo`yicha respublika matbuot markazida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi bo`yicha okrug saylov komissiyalari, viloyatlar va Toshkent shahar saylov komissiyalari raislari uchun seminar bo`lib o`tdi, deya xabar beradi O`zA.
Unda, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a`zolari, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi xodimlari, milliy ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Seminar saylov komissiyalari raislarining milliy saylov qonunchiligi va uni amalda qo`llash, saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha komissiyalar faoliyatini to`g`ri tashkil qilish, ular oldida turgan dolzarb vazifalar, shuningdek, saylov komissiyalarini moliyalashtirish tartibiga qat`iy rioya etish to`g`risida xabardorligini yanada oshirish maqsadida o`tkazildi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov seminarni ochar ekan, mamlakatimiz parlamenti va davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov milliy saylov qonunchiligi, unda mustahkamlangan ochiqlik, oshkoralik va adolatlilik prinsiplariga, shuningdek, 2014 yilda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko`rish hamda uni o`tkazish bo`yicha tadbirlar dasturiga to`liq muvofiq ravishda tashkil etilishi va o`tkazilishini ta`kidladi.
Seminar ishtirokchilariga o`tgan davrda mazkur dasturga binoan amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil axborot berildi.

    Boshqa yangiliklar