“O`qituvchi va murabbiylar xiyobonlari”ni tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qaror bilan “O`qituvchi va murabbiylar xiyobonlari”ning konsepsiyasitasdiqlandi.
Konsepsiya xiyobonlarni rivojlantirish va uning doimiy faoliyatini tashkil etishning quyidagi asosiy yo`nalishlarini nazarda tutadi:
- infratuzilma va moddiy-texnik bazani takomillashtirish;
- ta`lim va ma`rifiy faoliyatni rivojlantirish;
- madaniy-ma`naviy dam olish xizmatlaridan keng foydalanish;
- bolalar uchun ko`ngilochar maydonchalari tashkil etish;
- ajdodlar tomonidan to`plangan tarixiy va madaniy tajriba jamiyat a`zolarining individual va umumiy rivojlanishi uchun zarur shart ekanligini jamoatchilik ongiga singdirish.
Tematik xiyobonlar faoliyati 2018–2020 yillarda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida yo`lga qo`yiladi.
Mazkur xiyobonlarda o`qituvchi va murabbiylarning siymosini aks ettiruvchi, ularning nufuzini oshiruvchi monumentlar, kutubxonalar, ilmiy-ma`rifiy binolar, muzeylar yoki kichik ko`rgazma zallari va boshqa ko`ngilochar ob`ektlar tashkil etiladi.
Xiyobonlarning namunaviy loyihasini ishlab chiqish Madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi.






