1

GM Uzbekistan avtomobillarini endi internet va mobil ilova orqali ham sotib olish mumkin (video)

Jamiyat 07.11.2018, 16:34
GM Uzbekistan avtomobillarini endi internet va mobil ilova orqali ham sotib olish mumkin (video)

"O`zavtosanoat" AJ GM Uzbekistan avtomobillarini xarid qilish bo`yicha onlayn rejimida internet va mobil ilovasini ishga tushiryapti.

Kompaniya ma`lumotlariga ko`ra, O`zbekistonning har bir fuqarosi va yurtimiz mehmonlari uzavtosavdo.uz sayti orqali, shuningdek, Android va iOS mobil telefonlariga Uzavtosavdo ilovasini yuklab olgan holda avtomashina sotib olish imkoniyatiga ega bo`ladi.

Buning uchun foydalanuvchi Identifikasiyaning yagona tizimi(One ID)dan ro`yxatdan o`tishi lozim. Agar elektron raqamli imzo bo`lsa, avtomobilni xorijda turib ham xarid qilish mumkin.

Foydalanuvchi avtoulov rusumi, modifikasiyasi, rangi va hatto dilerlik markazini tanlay oladi. Bundan tashqari, avtomobil uchun to`liq yoki qisman to`lovni amalga oshirish imkoni ham mavjud. Mazkur jarayonlarning barchasi avtomatlashtirilgan.

Xaridorga navbat raqami va dilerdagi avtomobillar soni haqida ma`lumotlar beriladi. Agar unga zarur bo`lgan avtomashina dilerda yo`q bo`lsa, buyurtma to`g`ridan-to`g`ri avtomobil zavodiga yuboriladi.

Xaridor shartnoma va avtomobilning individual VIN-raqamiga ega bo`ladi. Shundan so`ng u dastlab tanlangan avtomobilning umumiy qiymatidan 3 foizini bank kartasi orqali o`tkazishi va keyinchalik qolgan summani to`lab berishi lozim.

“Savdoning eski tizimiga bildirilgan noroziliklar va shikoyatlarning asosiy sababi shartnoma olish, to`lovlarni to`lash bo`yicha uzundan-uzoq navbatlar, shundan so`ng avtomobilning o`zini uzoq kutish bilan bog`liq edi. Buning boisi avtomobil olish muddatini noma`lum muddatga cho`zuvchi noinsof odamlar tomonidan yaratilgan soxta navbatlar edi. 3 foizlik avans to`lovining joriy etilishi mazkur sabablarni yo`q qilish va xaridorga eng qisqa muddatlarda avtomobilni etkazib berishga xizmat qiladi”, - deyiladi kompaniya xabarida.

Uzavtosavdo ilovasi xaridorga barcha jarayonlarni boshidanoq nazorat qilish imkonini yaratadi. Foydalanuvchilar o`z navbati va avtomobilni olish sanasini bilib borishadi.

Avtomobilning 85 foiz narxi to`langandan so`ng yana bir qo`shimcha qulaylik taqdim etiladi. Ya`ni xaridor avtomobilni uyigacha bepul etkazib berish imkoniyatidan foydalanishi mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1