Mehriniso orzular og`ushida uchib yurgan damlar. To`yga tayyorgarlik ishlari ham tugay deb qoldi. Tibbiy ko`rik uchun OITSga topshirgan tekshiruv javobi chiqqach, Azamat bilan nikohdan o`tadi.
Afsuski, qizning quvonchi ko`pga cho`zilmadi. Tekshiruv natijasi Mehrinisoning organizmida OITS borligini ko`rsatdi. Uning ko`ziga dunyo qorong`u bo`lib ketdi. Tarbiyali, huda-behuda ostona hatlab ko`chaga chiqmagan bu farishtadek qizga bedavo dard qaerdan ilashdi? Farzandlarini yolg`iz o`zi katta qilgan sho`rlik onaning ohi yuraklarni larzaga soldi. Qizining bokiraligini bilsa-da, qarindosh-urug`, qo`ni-qo`shnilar, ayniqsa, quda-andalar oldida kim degan odam bo`ladi? Farzandining salomatligi-chi? Chamasi ikki yil avval qizi ko`richak bo`lib kasalxonaga tushgani yoki yaqin hududdagi xususiy klinikada tishini oldirganini kimga ham tushuntira olardi. O`ylab topilgan safsata, bahona deb o`ylashlari aniq. Bunday vaziyatda to`y qoldirilishi tabiiy...
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotiga ko`ra, hozirgi kunda dunyoda taxminan 34 million kishi OIV infeksiyasiga chalingan. Har yili ular safiga yana 2 milliondan oshiq odam qo`shilmoqda.
Mamlakatimizda ham bunday kasallikka chalingan bemorlar yo`q emas. Ular soni yildan-yilga ko`payayotgani esa tashvishlanarli holat. Aslida OITS/OIV infeksiyasining yuqish yoki yuqmasligi tibbiy madaniyat va savodxonlikka bog`liq. Aholining savodxonlik darajasi qancha yuqori bo`lsa, bu kasallikning yuqish ehtimoli ham shu qadar kamayadi.
Shu bois, Toshkent shahar OITSga qarshi kurash markazida o`quvchi-yoshlar o`rtasida “OIV infeksiyasiga qarshimiz“ shiori ostida tadbir tashkil etildi. Prezidentimizning 2018 yil 25 yanvardagi “O`zbekiston Respublikasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida“gi qarori ijrosiga muvofiq o`tkazilgan tadbirda mutaxassislar maslahatlari tinglandi, bolalar badiiy jamoalarining chiqishlari namoyish qilindi, viktorina o`yinlari o`ynaldi. Ushbu kasallikka qarshi kurashish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida so`z yuritildi.
– Kasallikning onadan bolaga yuqish ehtimolini kamaytirish maqsadida yurtimizdagi barcha homilador ayollarda OIV infeksiyasi bor-yo`qligi tekshiriladi, – deydi Toshkent shahar OITSga qarshi kurash markazi bosh shifokori Vinera Baratova. – Homilador ayollarni test sinovidan o`tkazishning muhim jihati OIV infeksiyasiga chalingan onadan sog`lom farzand dunyoga kelishiga erishishdir. Kasallikka chalingan homilador ayol homilaning 24-haftasidan boshlab antiretrovirus dori-darmonlar bilan ta`minlanadi. Go`dak sun`iy yo`l bilan dunyoga keltirilib, unga sun`iy ozuqa berib, kasallikdan himoya qilinadi. Mana shu ko`rsatmalarga amal qilinsa, OIV infeksiyasi bo`lgan ota-onadan sog`lom farzandning dunyoga kelish imkoniyati 95 foizgacha ortishi mumkin.
Mehrinisoning taqdirini aytsam, Azamat bechora qizni shu ahvolda tashlab ketmadi. Aksincha, o`zini qo`lga oldi va ichki ovoziga quloq soldi. Ko`ngil qo`ygan insoni badnom bo`lishiga yo`l qo`ymadi. U haqiqiy ma`noda jasorat ko`rsatdi. Ota-onasi, aka-ukalarining qarshiligiga qaramay, Mehriniso bilan nikohdan o`tdi. Rafiqasini dam-badam maxsus shifoxonada davolatib yurdi. Ko`p o`tmay, ular shifokor tavsiyasiga amal qilgan holda farzandli bo`ldi. Ammo hali ham Mehrinisoning tanasida o`sha bedavo dard – OITS bor...
Mohigul Qosimova, O`zA






