Poytaxtimizning «International Hotel Tashkent» mehmonxonasida Inson huquqlari Butunjahon deklarasiyasi qabul qilinganligining 70-yilligi munosabati bilan «Mamlakatning demokratik yangilanishi hamda modernizasiyasida ayollarning roli: O`zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot» mavzuida xalqaro konferensiya bo`lib o`tdi.
Xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan tashkil etilgan konferensiyada dunyoning 30 ga yaqin davlatidan xalqaro ayollar institutlari vakillari, siyosat, ijtimoiy-iqtisodiy hayotda faol bo`lgan ayollar ishtirok etdi.
Konferensiya ishida BMTning maxsus vakili, Bosh kotib, BMT hududiy Markazi rahbari Natalya German, gender masalalari bo`yicha EXHT amaldagi raisining maxsus vakili Melanne Verviir, EXHT gender masalalari bo`yicha katta maslahatchi Amarsanaa Darisuren, Ayollar, tinchlik va xavfsizlik ishlari bo`yicha Jorjtaun universitetining kommunikasiyalar bo`yicha menedjeri Sara Ruterford, EXHT Italiyadagi vakolatxonasi maslahatchisi Alessandra Skalia, Gender masalalari bo`yicha maslahatchi, EXHT kotibiyati Ulrike Shmidt ishtirok etadi. Shuningdek quyidagi davlat vakillari Afg`oniston ayollar masalalari bo`yicha vaziri Dilbar Nazariy, Ozarbayjon Respublikasi Oila, ayollar va bolalar masalalari bo`yicha davlat qo`mitasi raisi o`rinbosari Sadagat Gaxramanova, Qozog`iston respublikasi Prezidenti huzuridagi ayollar, oila-demografik siyosati bo`yicha Milliy komissiya vakili Asiya Xayrulina, Belarus Respublikasi Milliy yig`ilish vakillari palatasi doimiy komissiyasi Olga Petrashova, Praga fuqarolik jamiyati Markazi Praga dasturi direktori Gabriela Svarovska, Butunxitoy Federasiyasi departamenti raisi Chen Syaosya, Qirg`iziston ayollari dasturi Koordinatori Djamilya Kaparovalar ishtirok etdi.
Konferensiya ishi uchta plenar yig`ilishdan iborat bo`lib, ularda gender tenglik, ayolning davlat boshqaruvidagi roli va imkoniyatlari, ayollar bandligi va tadbirkorligi, ayollarni ijtimoiy himoyasi masalalari muhokama etildi.
Xalqaro miqyosdagi mazkur konferensiyani o`tkazishdan asosiy maqsad xalqaro hamjamiyatni O`zbekiston ayollarining jamiyat va davlat boshqaruvidagi davlat siyosatining istiqbolli yo`nalishlari bilan tanishtirish, ayollarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy yo`nalishdagi roli borasida xalqaro tajribani o`rganishdan hamda kelgusida hayotga tadbiq etishdan iborat.
Shuningdek tadbir doirasida kelgusida ayollarning davlat boshqaruvidagi faol ishtirokini ta`minlash uchun uzoq va qisqa muddatli loyihalarni o`z ichiga olgan xalqaro maydon tashkil qilish ko`zda tutilgan.
Qanday masalalar hal etildi? Davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning roli va ahamiyatini muhokama etish, ayollarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarida hamkorlik o`rnatish, Ayollarning mavjud salohiyatini hayotga tadbiq etish shakllari va imkoniyatlarini muhokama etish. Xotin-qizlarni ularning ishtiroki bo`lmagan yohud kam bo`lgan sohalarga jalb qilish strategiyasini ishlab chiqish, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, shuningdek gender tadqiqot natijalari to`g`risida ma`lumot almashish. Imkoniyati cheklangan xotin-qizlar uchun ish o`rinlari yaratish bo`yicha chora tadbirlar ishlab chiqish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, badiiy, ilmiy, texnikaviy qobiliyatlarini rivojlantirish borasida tajriba o`rganish kabi masalalar, Qo`mitaning ayollar masalasidagi xalqaro aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Mazkur tadbir Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Tashqi ishlar vazirligi, NIMFOGO, O`zbekiston kasaba uyushmalari federasiyasi, O`zEOAVMA, NANNOUz, BMTning O`zbekistondagi taraqqiyot dasturi, F.Ebert (FRG) jamg`armasining O`zbekistondagi vakolatxonasi, EXHT loyihalari Koordinatori, YuNISEFning O`zbekistondagi vakolatxonasi, YuNFPA hamkorligida tashkil etildi.
8 noyabr kuni konferensiya ishtirokchilari Samarqand shahriga jo`nab ketadi.






