AsosiyJamiyat

Ostonada MDH Elektr energetika kengashining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi

'Ostonada MDH Elektr energetika kengashining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi'ning rasmi

Qozog`iston poytaxti Ostona shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Elektr energetika kengashining 53-majlisi bo`lib o`tdi. Unda MDHga a`zo mamlakatlar energetika kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

MDHga a`zo mamlakatlar elektr energetika tizimlari birlashmasining samarali faoliyati asosida hamdo`stlik davlatlari iqtisodiyoti va aholisini elektr energiyasi bilan barqaror va ishonchli ta`minlash mazkur kengashning bosh maqsadi hisoblanadi.

Majlisda so`zga chiqqan O`zbekiston delegasiyasi rahbari, "O`zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi Ulug`bek Mustafoev ishtirokchilarni mamlakatimizda elektr energiya tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo`yicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosi bilan tanishtirib, joriy yilda 370 MVtli energoblok Toshkent IESda to`liq quvvat bilan ishga tushirilgani elektr energiya ishlab chiqarish hajmini yanada oshirganini ta`kidladi.

Tadbirda MDH doirasida energetika sohasidagi xalqaro shartnomalar, MDH Elektr energetika kengashining me`yoriy va texnik hujjatlari kabi masalalar ko`rib chiqildi.

Majlis yakunlariga ko`ra, MDH Elektr energetika kengashiga a`zo davlatlar elektr energetika sohasida hamkorlik va hamkorlik strategiyasiga (asosiy yo`nalishlarga) o`zgartirish kiritildi va tasdiqlandi. Shuningdek, energetika sohasida xodimlar tayyorlash, MDH Elektr energetika kengashi ishchi guruhining faoliyati va 2019 yilgi ish rejasi qabul qilindi. Bundan tashqari, MDH mamlakatlaridagi bir qator soha vakillarini "MDHda xizmat ko`rsatgan energetik" faxriy unvoni bilan taqdirlash to`g`risida qaror qabul qilindi.

Ma`lumot o`rnida: MDH Elektr energetika kengashi 1992 yil 14 fevralda MDHning elektr energetika sohasida davlatlararo munosabatlarni muvofiqlashtirish bo`yicha hukumatlararo bitimga asosan tashkil etilgan.

    Boshqa yangiliklar