Bugun barcha jabhada bo`lgani kabi noshirlik va matbaa sohasiga ham innovasion texnologiyalar jadal sur`atda kirib bormoqda. Binobarin, innovasion texnologiyalar noshirlik va matbaachilikning murakkab jarayonlarida o`zining tezkor va sifatli ishi bilan oldinda turgan vazifalarni hal etishda qo`llanilmoqda.
2018 yilning 7-9 noyabr kunlari Rossiya Federasiyasi poytaxti Moskva shahrida Xerox kompaniyasi tomonidan hamkorlik konferensiyasi bo`lib o`tmoqda. Shu munosabat bilan, O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari – Innovasiya, yangi texnologiyalar va sifatni boshqarish masalalari bo`yicha direktor o`rinbosari Olimjon Meliev hamda Tezkor ishlab chiqarish sexi xodimi Abdurahmon Abdug`aniev Moskva shahrida bo`lib o`tayotgan Xerox hamkorlik konferensiyasida ishtirok etishmoqda. Ushbu konferensiya davomida vakillarimiz sohaga oid so`nggi yangiliklar bilan tanishi bilan bir qatorda jadallashtirilgan kurslarda kasb mahorati va malakalarini oshirish ham maqsad qilib olingan.
Konferensiya Xerox o`quv markazida bo`lib o`tmoqda. Konferensiya davomida so`nggi turkumdagi chop etish usukunalari namoyishi bo`lib o`tdi. Xususan, so`nggi rusumdagi yangicha innovasion yondoshuv asosida ishlab chiqilgan raqamli chop etish dastgohi XEROX IRIDESSning amaldagi imkoniyatlari ko`rsatib berildi. Aytish lozimki, ushbu uskuna o`zining afzalligi va tezkorligi bo`yicha boshqa chop etish dastgohlaridan ancha ilgarilab ketgan.
Shuningdek, konferensiyada Qozog`iston vakillari ham ishtirok etishdi. Bu haqda O`zMAA “O`zbekiston” NMIU Matbuot xizmati xabar berdi.






