Toshkent viloyatida keyingi 5 yil mobaynida tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish istagini bildirgan 8 ming 300 nafardan ziyod xotin-qizga tijorat banklari tomonidan 236 milliard so`mdan ortiq imtiyozli kredit ajratilgan. Bu haqda Xotin-qizlar qo`mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilda ish so`rab murojaat qilgan ayollarning qariyb 10 ming nafari iqtisodiyotning turli tarmoqlariga ishga joylashtirilgan, 900 dan ziyod xotin-qizga ishsizlik nafaqasi tayinlangan. 800 nafardan ziyod ayollar kasb-hunarga o`qitilgan bo`lsa, qariyb 5 ming 600 nafari haq to`lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan.
Oilaviy tadbirkorlikni yo`lga qo`yish, xonadonda qoramol va parrandachilikni rivojlantirish, issiqxona tashkil etish istagini bildirgan 1 ming 45 nafar ayolga 55 milliard 470 million so`m miqdorda imtiyozli kredit ajratilgan.
O`tgan davr mobaynida oilalar turmush tarzi, muammolarini o`rganish maqsadida respublika hamda viloyat ishchi guruhlari tomonidan o`tkazilgan muloqotlar natijasida 30 ming 869 nafar nogironligi bo`lgan, shu jumladan, ijtimoiy ahvoli og`ir, uy-joyga muhtoj 1 ming 245 xotin-qizga alohida e`tibor qaratilgan, ularning 206 nafariga uy-joy berilgan. 1 ming 500 dan ziyod ayolga 1 milliard 263 million so`mlik moddiy yordam ko`rsatilib, 1 ming 116 nafari doimiy ish bilan ta`minlangan.
Toshkent viloyati xotin-qizlar qo`mitasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasida shular haqida ma`lum qilindi.
Tadbirda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, davlat boshqaruvi va tadbirkorlik sohasidagi ishtirokini kengaytirish, iste`dod va salohiyatini yuzaga chiqarishga ko`maklashish, ayniqsa, ehtiyojmand xotin-qizlarni uy-joy va muqim ish bilan ta`minlash borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta`kidlandi.
Anjumanda erishilgan natijalar bilan bir qatorda, yo`l qo`yilgan kamchilik va muammolar ham tahlil etildi. Jumladan, joriy yilda xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar o`tgan yilning mos davriga nisbatan 33 foizga kamaygani holda, viloyatning O`rta Chirchiq, Chinoz va Parkent tumanlarida oshgan.
Bu borada xotin-qizlar, ayniqsa, balog`at yoshidagi o`smir qizlar bilan ishlash, ushbu yo`nalishda oila, ta`lim muassasasi va mahalla hamkorligini yanada mustahkamlash, qizlarni oilaga tayyorlash masalasiga katta mas`uliyat bilan yondashish lozimligiga alohida e`tibor qaratildi.
Konferensiyada O.Parpiboeva viloyat xotin-qizlar qo`mitasi raisi etib qayta saylandi. Shuningdek, viloyat xotin-qizlar qo`mitasi boshqaruvi a`zolari, nazorat-taftish komissiyasi tarkibi, komissiya raisi hamda O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi konferensiyasiga delegatlar saylandi.
Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari, Xotin-qizlar qo`mitasi raisi T.Norboeva, Toshkent viloyati hokimi G`.Ibragimov ishtirok etdi.






