Shifokorlarni ish beruvchilar oq xalat va boshqa bir martalik gigiena vositalari bilan ta`minlashi kerak. Aslida shundaymi?
Shifokorlarning har 6 oydagi tibbiy ko`rigi xarajati ham ish beruvchi tomonidan qoplanishi kerak. Buni shifokorlarimiz biladimi?
Kechasi bilan isitmalab, ertalabdan mahallamiz poliklinikasiga chiqishga majbur bo`ldim. Poliklinika eshigi yonida Bosh hamshiraning yangi kelgan xodimni siltab urishayotgani ustidan chiqdim. “Oq xalat tagida to`q ko`k emas, qora klassik shim bo`lishi shart. Ertaga shiming rangi qora bo`lmasa, ishdan haydayman”, deydi hamshira yosh shifokor yigitga o`dag`aylab. Shu tobda ular o`rtasiga tushmasam bo`lmasdi, kasbiy kasallik-da, to`g`ri tushuning.
— Opa, poliklinika xodimlariga faqat shunaqa shart qo`yadimi yoki ularni talab qilinayotgan maxsus forma bilan ham ta`minlaydimi?
Savolimdan ajablangan hamshira shunday javob qildi:
— Esingiz bormi? Nega biz berar ekanmiz. Xalatni hamma o`zi sotib oladi. Men ham o`zim olganman. Kim aytdi sizga davlat xalat bilan ta`minlaydi deb?
Suhbatimizga poliklinikaga ko`rikka chiqqan pensioner ayol ham qo`shildi.
— Oq xalat sifatlisi 50-150 ming so`m atrofida, oq shippak yana 50 ming so`m, tibbiy ko`rikdan o`tish uchun yana shuncha (100 ming atrofida) pul, yo`l kira, tushlik – bu hali maosh olmagan hamshira farzandimning ishga borish uchun sarflashi kerak bo`lgan xarajatlari. Ilk maoshi 590 ming so`m atrofida emish. Soliq olib tashlansa, qo`liga 490 ming atrofida tegar.
Bir qarashda arzimagan xarajatlar. Lekin shunday bo`lsa-da “Shifokorlarni maxsus kiyim bilan ta`minlash kimning bo`ynida? Hamma o`zi sotib olishga majburmi?” yana o`sha kasbiy kasallik tufayli ushbu savollarga javob olishga qiziqdim.
Arzimagan oq xalat. Shifokor bir yilda 1 yoki 2 ta xalat sotib olar. Umumiy hisobda ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekistonda 500 mingga yaqin shifokorlar bo`lsa, shuncha oq xalat uchun agar byudjet pul ajratayotgan bo`lsa, bu pullarning qanchasi shifokorlarga xalat “kiydiryapti”..?
Qonunchilikka ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 217-moddasida xodimlar “Maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal, boshqa shaxsiy himoya va gigiena vositalari bilan bepul ta`minlanadilar. Bunday ishlarning ro`yxati, beriladigan narsalarning normalari, ta`minot tartibi va shartlari jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomalarida, agar ular tuzilmagan bo`lsa — ish beruvchi tomonidan xodimlarning vakillik organi bilan kelishib belgilanadi”, deyilgan. Ya`ni shifokorlar oq xalat, shippak, niqob va boshqa gigiena vositalari bilan ta`minlanishlari kerak. Demak, poliklinikaga qon topshirishga chiqqaningizda, gigiena uchun qo`lqop ko`tarib chiqishingiz, aslida shart emas.
Tibbiy ko`rikdan o`tish shartlari ham qonunchilikda ochiq ko`rsatilgan. Ayni shu mehnat kodeksining 214-moddasida Ish beruvchi mehnat shartnomasi tuzish chog`ida dastlabki tarzda va keyinchalik (ish davomida) vaqti-vaqti bilan xodimlarni tibbiy ko`rikdan o`tkazishni tashkil qilishi shartligi ko`rsatilgan. Shuningdek, “Tibbiy ko`riklardan o`tilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor bo`lmaydilar”, deb belgilangan.
Bu qonunchilikdagi me`yorlar, ammo amalda qanday? Qaysi tibbiy muassasa shifokorni oq xalat bilan ta`minlab har 6 oyda tibbiy ko`rikdan o`tishini bepul tashkillashtirib bermoqda?
Toshkentning aksariyat kasalxonalari shifokorlarini surishtirib bilishimizcha ular oq xalatni o`z hisoblariga sotib oladilar. Bir necha kasalxona va poliklinikalarni surishtiruvida “Xalatni hamma o`zi sotib oladi”, kabi javoblarni oldik.
Shifoxonalar smetalariga umuman oq xalatni kiritishmaydi. Demakki, smetaga kiritilmasa, pul ham ajratilmaydi. Tumandagi tegishli idoralardan amallab olgan ma`lumotlarimizga ko`ra, umuman oq xalat uchun pul ajratilmaydi. Hatto hisobxonadagi ayollar shifokorlarning qonunan bunga haqlari bor ekanligidan ham bexabar. Ma`lum bo`lishicha hamshiralar o`zlari shifoxonada ishlab turib, nima uchun yana har 6 oyda yangilanuvchi tibbiy ko`riklarini pullik topshirishlariga norozilik bildirganlar. Ammo shunga qaramasdan muassasalar ko`rikni tekinga tashkillashtirishni o`z bo`yniga olmagan. Tegishli idoralarga kirib, oq xalat haqida savol berarkanmiz, bizga xuddi oydan tushgan odamlardek qaratilgan nigohlarga duch kelaverdik. O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida keltirilgan 217-, 214-moddalarni “bo`lmagan gap”ga chiqaraverishdi.
Tibbiyot muassasasi oq xalatlarni talab qilishdan avval, sog`liqni saqlash va tibbiyot ishlab chiqarishlari xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy me`yorlari borligini ham unutmasliklari kerak. Zero, hamshira oyligi 590 ming so`mdan boshlanadi, sanitarka maoshini-ku yozmay qo`ya qolaylik. Kecha o`qishni bitirib kelgan kategoriyasiz shifokorning maoshi o`rtacha 873 ming so`m (soliqlar bilan hisoblanganda). O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2009 yil 25 avgustda 1998-con bilan ro`yxatga olingan O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining (Mehnat vazirligi) 2009 yil 10 avgustdagi 49-B-sonli buyrug`iga Ilovasida maxsus kiyimlarni tibbiy muassasaning qo`lga kiritish huquqlari ham ko`rsatilgan.
Davlat tibbiyot muassasasining tegishli xodimi smetasiga xodimlarning maxsus kiyim, poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalari bilan ta`minlashni ham kiritib, tegishli idoradan talab qilishga haqli ekan. Kasalxona yuqoridagi idoralardan xalat uchun pul yoki xalat undira olmaganini pesh qilishga haqli emas. Chunki, davlat shifoxonasi o`z xodimini oq xalat bilan ta`minlamasa, mehnat kodeksini buzgan hisoblanadi. Buning uchun uni sudga berish mumkin.
Arzimagan oq xalat, bir poliklinika va kasalxona miqyosida olsak necha ming kishi... Respublika miqyosida-chi? Albatta, biz butun Respublika kasalxona va poliklinikalarida surishtiruv olib bormadik. Lekin, savolga tutganlarimiz Toshkentning aksariyat kasalxona va poliklinikalarida savolimizga ajablangan holda “Esingiz bormi? Xalatni hamma o`zi sotib oladi”, degan javoblarni oldik. Qonunchilikda ko`zda tutilgan oddiy huquqni talab qilsangiz-u, sizga “Esingiz bormi?”, deb javob qaytarishsa, kulgili emasmi?
Shifokorni oddiygina oq xalat bilan ham ta`minlay olmasdan yana ularni poraxo`rlikda ayblash, xorijga ish qidirib ketganlarini ortga qaytarishga urinishlarimiz mantiqsiz emasmi? Siz nima deysiz aziz o`quvchi...
Anora Sodiqova, O`zA