Global tadbirkorlik haftaligi (GEW) – dunyodagi tadbirkorlar uchun yangi g`oyalarga turtki beruvchi muhim voqelikdir. Haftalik O`zbekiston yoshlar ittifoqi, Xalqaro biznes va texnologiyalar assosiasiyasi, O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.
18 noyabrga qadar davom etuvchi mazkur haftalikda mashg`ulotlar, taqdimotlar, mahorat saboqlari, turli muhokamalar, onlayn muloqotlar, b2b formatdagi uchrashuvlar, tele-muloqotlar bo`lib o`tadi, yozmoqda O`zA.
Tadbirda yurtimizning muvaffaqiyatli tadbirkorlari bilan birga xorijiy ishbilarmonlar, biznes va ekotizim sohasidagi mutaxassislar ishtirok etishi kutilmoqda.
Global tadbirkorlik haftaligi startaplar, ta`lim va karera, moliya, xotin-qizlar tadbirkorligi, biznesda muvaffaqiyat, sayyohlik, axborot va kommunikasiya texnologiyalari kabi sohalarni qamrab oladi.
Haftalikning har bir kuni biznes uchrashuvlar, ekotizimni rivojlantirish, tadbirkorlik, investisiyalar va Toshkentda biznes, innovasiyalar va startaplar, biznesning ijtimoiy mas`uliyati, madaniyat va O`zbekiston hududlari bilan tanishuv kabi mavzularga bag`ishlanadi.
Haftalik davomida “Biznes va davlatning o`zaro muloqoti“, “Business Womenʼs Gap“, “Tadbirkorlik ekotizimi“, “Ekotizim bo`yicha xorijdagi tajriba“, “Toshkent – kelajak shahri“, “Ta`lim – millatning taraqqiyot mezoni sifatida“, “Blokcheyn“, “Marketing“, “Alternatus“ maydonchasi, “Turizm“, “Startaplar“, “Ko`chat o`tqaz!“ kabi mavzularda tadbirlar, muloqotlar o`tkazilishi ko`zda tutilgan. Shuningdek, Buxoro, Samarqand, Qarshi shaharlarida mohir biznesmenlar ishtirokida mahorat darslari tashkil etish rejalashtirilgan.






