AsosiyJamiyat

Andijon aeroporti yopilsa, 240 xodimning taqdiri nima bo`ladi?

'Andijon aeroporti yopilsa, 240 xodimning taqdiri nima bo`ladi?'ning rasmi

2018 yilning 27 oktyabridan Andijon xalqaro aeroporti orqali amalga oshiriladigan barcha parvozlar bekor qilingan. «Andijonnoma» nashri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida aeroport direktori Saydullo To`xtasinov bilan suhbatlashdi.

— Internetda tarqalgan xabarlar mish-mishdan boshqa narsa emas, — deydi u. — Aeroport faoliyatini rasman to`xtatgani yo`q. Ishlayapmiz. Barcha xodimlar ish haqi olishyapti.

— Shamol bo`lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi...

— Ko`rib turibsiz, aeroport bugungi talablarga javob bermaydi. Aerovokzal majmuasining barpo etilganiga 40 yil bo`ldi. Uchish-qo`nish yo`lagi oxirgi marta 1980 yilda, perron 1985 yilda ta`mirlangan. «O`zbekiston havo yo`llari» milliy aviakompaniyasi tomonidan xarid qilinayotgan zamonaviy samolyotlarni qabul qilishimiz uchun aeroport jahon standartlariga javob berishi zarur. Mana shu sabablardan kelib chiqib, aeroportni kompleks ta`mirlash masalasi kun tartibiga qo`yilmoqda. Aviakompaniya ma`muriyati esa reyslar to`xtatilganligi yuzasidan hozircha rasmiy xabar bermadi.

— Bu borada aniq reja yoki dastur bormi?

— Ta`mirlash ishlarini mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtirishning imkoni yo`q. Taxminan 350 milliard so`mga yaqin mablag` zarur. Shuning uchun bu masalani Vazirlar Mahkamasi hal qiladi. Viloyat hokimligi bilan kelishgan holda takliflarimizni berdik. Natijasini kutyapmiz.

Shu kungacha haftasiga Toshkentga ikkita, Moskvaga ikkita, Sankt-Peterburgga bitta reys bor edi. Yiliga o`rtacha 35 ming yo`lovchiga xizmat ko`rsatayotgan edik. Agar biz ko`zlayotgan rejalar ro`yobga chiqsa, bu ko`rsatkichni 50 mingga etkazsa bo`ladi.

— Aeroport ta`mirlansa, qanday yangi imkoniyatlar paydo bo`lishi mumkin?

— Agar aeroport tarkibida logistika markazi ham ochilsa, viloyatimiz tadbirkorlariga, Andijonda faoliyat ko`rsatayotgan chet ellik investorlarga katta qulaylik yaratilgan bo`lardi. Xorijga meva-sabzavot, trikotaj mahsulotlari eksport qilayotgan yuzlab yurtdoshlarimiz bor. Ularning yuklarini samolyotda shu erdan yuborishni yo`lga qo`ysak yoki viloyatimizdagi qo`shma korxonalarga xorijdan jo`natilayotgan xomashyoni boshqa viloyatlar orqali emas, to`g`ridan-to`g`ri o`zimizning aeroportda qabul qilsak, mahalliy iqtisodiyotga ham katta foyda keltiradi. Vazirlar Mahkamasiga bu taklifni ham kiritdik.

— Ta`mirlash ishlari boshlansa, kamida bir yoki bir yarim yilga cho`zilishi aniq. Bu muddatda 240 kishilik jamoangizning taqdiri nima bo`ladi?

— Farg`ona va Namangan aeroportlariga 10 nafardan mutaxassisni vaqtincha ishga yuborishimiz mumkin. Qolgan xodimlar esa o`z hisobidan ta`til olishlariga to`g`ri keladi.

    Boshqa yangiliklar