Bugun Ekaterinburgda O`zbekiston Respublikasi yangi Bosh konsulxonasi ochilish marosimi bo`lib o`tdi, deb xabar qilmoqda Sputnik.
“Marosim mahalliy vaqt bilan soat 10:30da boshlandi. Unda O`zbekistonning Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov ishtirok etdi. Yangi Bosh konsulxonada O`zbekiston bayrog`i ko`tarildi”, - deyilgan xabarda.
Konsulxonaning rasmiy ochilish marosimiga bag`ishlangan tantanali qabul marosimi kechgi soat 19:00 da bo`lib o`tadi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekistonning Rossiya hududidagi konsulxonalarining asosiy vazifasi - Rossiyada doimiy yoki vaqtincha yashayotgan O`zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishdir. Ekaterinburgdagi yangi Bosh konsulxona Ural federal okrugiga xizmat ko`rsatadi.
2018 yilning boshida, fevral oyida Sankt-Peterburgda O`zbekiston yangi Bosh konsulxonasi o`z faoliyatini boshlagan edi.
O`zbekiston turizmni rivojlantirish Davlat qo`mitasi xabariga ko`ra, bugun Ekaterinburgda “O`zbekiston bo`ylab sayohat qil” namoyish loyihasi doirasi bir qator tadbirlar ham bo`lib o`tadi. Bundan oldin shunday tadbirlar Novosibirskda bo`lib o`tgan edi. Kelajkda ularni Qozon va Ufa shaharlarida ham o`tkazish rejalashtirilgan.






