AsosiyJamiyat

O`zbekistonda 60 ming AQSh dollaridan kam bo`lmagan ish haqi belgilandi. Uni kimlar olishi mumkin?

'O`zbekistonda 60 ming AQSh dollaridan kam bo`lmagan ish haqi belgilandi. Uni kimlar olishi mumkin?'ning rasmi

Prezidentimizning “O`zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning malakali mutaxassislari tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan malakali chet ellik mutaxassislar mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, yurtimizning investisiyaviy jozibadorligini oshirish va uni mutlaqo yangi pog`onaga ko`tarish, raqobatdosh mehnat resurslarini jalb qilishni rag`batlantirish bo`yicha bir qator yangi qoidalar joriy etilmoqda.

Xo`sh, ular nimalardan iborat?

Jumladan, yurtimizda yuqori malakali mutaxassislar, deb xalqaro reytingda birinchi 1000 talikka kiradigan oliy ta`lim muassasalarini bitirgan, mutaxassisligi bo`yicha 5 yildan kam bo`lmagan ish tajribasiga ega chet el fuqarolari tan olinadigan bo`ldi. Ularga O`zbekiston Respublikasida yiliga 60 ming AQSh dollaridan kam bo`lmagan summada ish haqi belgilanadi.

Malakali mutaxassislar, deganda esa oliy ma`lumotli, mutaxassisligi bo`yicha kamida 5 yillik ish tajribasiga ega chet el fuqarolari tushuniladi. Ularning yillik oylik maoshi miqdori kamida 30 ming AQSh dollarini tashkil etishi mumkin.

Agar ushbularni O`zbekistonning xorijlik mutaxassislarga talabi, deb qabul qiladigan bo`lsak, tabiiyki, ish bajaruvchining ham o`ziga yarasha shartlari bo`ladi. Qarorda ayni shu shartlarga javob bo`ladigan imtiyozlar ham o`z ifodasini topgan.

Masalan, ular ko`p martalik mehnat vizasini olish huquqiga ega bo`ladi. Qolaversa, viza muddati tugagan taqdirda O`zbekiston hududidan chiqmasdan turib, viza uchun qayta murojaat qilishlari mumkin. Yana bir qulaylik shuki, ularning oila a`zolariga ham yashashlari uchun tegishli viza hujjatlari rasmiylashtiriladi. Mabodo yuqori malakali xorijiy mutaxassis ob`ektiv sabablarga ko`ra, jalb qilingan korxonada ishlay olmasa, unga 30 kun ichida O`zbekiston Respublikasi hududida boshqa korxona topib, o`sha erda ishlashiga imkon beriladi” — deydi O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o`rinbosari Erkin Muhitdinov.

Shuningdek, hujjatda xorijlik malakali mutaxassislarning O`zbekistonda mehnat faoliyatini olib borishi va investisiyalarni jalb etishi uchun yana ko`plab imtiyozlar belgilangan.

    Boshqa yangiliklar