2018 yil 13 noyabr OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimining joriy yil noyabr va dekabr oylarini viloyatda "ma`naviyat oyi" deb e`lon qilgan qarori tarqaldi. Bandlik va mehnat vazirligiushbu hujjat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
"Hokimning tegishli buyrug`iga muvofiq, shu yilning noyabr oyi ikkinchi o`n kunligida Andijon viloyatida xayriya hasharini o`tkazish rejalashtirilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, hashar munosabati bilan hududdagi barcha davlat va nodavlat tashkilotlar xodimlarining bir kunlik maoshi ixtiyoriy asosda viloyat hokimiyatining maxsus hisob raqamiga o`tkaziladi", - deyilgan bayonotda.
O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi “O`zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 349-son qaroriga muvofiq, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan hasharlarni tashkil etish va o`tkazish shartlarini keltirib o`tdi:
– umumxalq hasharini o`tkazish to`g`risida faqat O`zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati yoki O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud bo`lganda;
– hasharlar unda ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qat`iy rioya etilgan holda o`tkaziladi;
– hasharlar doirasida barcha boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-ta`mirlash va qishloq xo`jaligi ishlariga majburiy jalb etishga qat`iy yo`l qo`yilmagan holda obodonlashtirish, ko`kalamzorlashtirish, ish o`rinlarini tartibga keltirish ishlari amalga oshiriladi.
Andijon viloyati hokimiga Davlat mehnat huquq inspeksiyasining ko`rsatmasi yuborildi:
– Andijon viloyati hokimining 2018 yil 7 noyabrdagi 207-F sonli buyrug`ini qonunchilikka muvofiqlashtirish to`g`risida;
– hasharni o`tkazish jarayonida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi “O`zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 349-son qarori va amaldagi qonunchilik talablariga amal qilish zarurligini inobatga olish;
– o`n kun muddatda ko`rilgan chora-tadbirlar to`g`risidagi ma`lumotlarni Davlat mehnat huquq inspeksiyasiga taqdim etish.
Shuningdek, mehnatga majburiy jalb qilish holatlari kuzatilganda murojaat qilish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining +998 71 200 06 02 raqamlari va @mehnathuquqbot telegram bot ishonch tarmoqlari faoliyat ko`rsatayotgani qayd etilgan.






