Butunjahon fanlar akademiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida faoliyat yurituvchi yirik xalqaro ilmiy muassasadir.
Ko`pchilik mazkur nufuzli ilmiy tuzilma sayyoramizning barcha qit`alaridan ming nafardan ziyod etakchi olim, muhandis va ixtirochilarni birlashtirib turganini bilmasligi mumkin.
Joriy yilda tashkilotning yangi a`zolarini aniqlash bo`yicha mavjud haqiqiy a`zolar ishtirokida o`tkazilgan saylovda o`zbek olimi ana shunday yuksak e`tirofga sazovor bo`ldi, deb yozmoqda O`zA.
O`zbekistonlik matematik olim, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Matematika instituti etakchi ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari doktori, professor O`tkir Roziqov ilmiy tuzilmaning a`zosi etib saylandi.
Bundan tashqari saylovda ushbu ilmiy tuzilma tarkibiga dunyoning 24 mamlakatidan 55 nafar yangi a`zo qabul qilindi. Buxoro davlat universiteti matbuot xizmati xabariga ko`ra, bugungi kunga qadar O`zbekiston olimlaridan uch nafari ushbu tuzilma a`zoligiga saylangan edi. O`tkir Roziqov esa ularning to`rtinchisi bo`ldi.
Olim dunyoning o`nlab mamlakatlaridan takliflar olib, ularning oliygohlarida ma`ruzalar o`qimoqda. U.Roziqovning 202 ilmiy ishidan 125 tasi chet elning nufuzli jurnallarida, 23 tasi respublikamiz jurnallarida chop etilgan. Uning 404 betlik monografiyasi esa dunyoning 200 dan ortiq universitet va ilmiy markazlari kutubxonalaridan o`rin egallagan.
Ayni kunda ilmiy natijalari jahon miqyosida e`tirof etilgan, iqtidorli olim O`tkir Roziqov Buxoro davlat universitetining Matematika kafedrasi taklifiga ko`ra 5 noyabrdan 17 noyabrga qadar o`z ma`ruzalari bilan pedagog o`qituvchilar bilim saviyasini boyitishga beminnat yordam bermoqda.






