Bugun Buxoro shahrida “Saylov qonunchiligini takomillashtirish va demokratik saylovlar: O`zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzusida xalqaro konferensiya o`z ishini boshlaydi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Xalqaro konferensiya O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining tashabbusi bilan Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT)ning O`zbekistondagi loyihalari koordinatori hamda Konrad Adenauer nomidagi jamg`armaning Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida o`tkazilmoqda. Konferensiyani tashkil etishda Oliy Majlis palatalari, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti va Buxoro viloyati hokimligi vakillari ishtirok etadi.
Mazkur konferensiyadan ko`zlangan maqsad - xalqaro va xorijiy ekspertlar ishtirokida O`zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi, shuningdek saylov jarayonlariga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy qilish bilan bog`liq masalalar muhokama qilinadi.
Konferensiya ishida EXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi, Venesiya komissiyasi, Butunjahon saylov organlari assosiasiyasi, BMT Kotibiyati huzuridagi Siyosiy masalalar bo`yicha departamentning saylovlar o`tkazishga ko`maklashish bo`limi va boshqa shu kabi xalqaro institutlarning vakillari qatnashishi kutilmoqda.
Xalqaro konferensiya yakunida milliy saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish va demokratik saylovlarni o`tkazish bo`yicha takliflar hamda tavsiyalar ishlab chiqiladi.






