AsosiyJamiyat

Tarixiy shaharlarda Duty Free do`konlarini ochish rejalashtirilmoqda

'Tarixiy shaharlarda Duty Free do`konlarini ochish rejalashtirilmoqda'ning rasmi

2025 yilgacha turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasida biznes uchun katta ishlar hajmi nazarda tutilgan. Mehmonxonalar, restoranlar qurish, transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirish – tashabbuslar ro`yxati bu bilan cheklanmaydi, ularni amalga oshirish uchun tadbirkorlar faol qatnashishi va kreativ yondashishi talab etiladi, deb yozmoqda Norma.

Katta qurilish

4,5 mingta nomerni o`z ichiga oladigan va 9,5 mingta kishiga mo`ljallangan mehmonxonalar va xostellarni qurish ko`zlanmoqda. Ushbu maqsadni ro`yobga chiqarish uchun quyidagilar rejalashtirilmoqda:

• mehmonxonalar va boshqa turistik infratuzilma ob`ektlarini qurish bo`yicha loyihalarni amalga oshirish mexanizmini imkon qadar soddalashtirish;
• xizmatlar sifatini oshirish maqsadida tadbirkorlar uchun mehmonxona biznesida rag`batlantiruvchi shart-sharoitlarni yaratish;
• jahonga mashhur mehmonxona biznesi brendlarini O`zbekistonga jalb etishni rag`batlantirish.

«Oltin halqa» prinsipi bo`yicha Farg`ona viloyati turistik salohiyati konsepsiyasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Mintaqaning turistik salohiyati infratuzilma ob`ektlari, shu jumladan mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish punktlari va yo`llarni qurish orqali rivojlantiriladi.

Barcha turdagi yo`lovchi transportining respublika ichidagi va xalqaro yangi reyslarini ochgan holda turistlarga transport xizmati ko`rsatishni yaxshilash bo`yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Tanlash imkoni bo`ladi

O`zbekistonda eng ommabop turizm turi – arxeologik va arxitektura yodgorliklari bo`ylab sayohat. Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi boshqa yo`nalishlarni rivojlantirishda mamlakat salohiyatidan foydalanish bo`yicha chora-tadbirlarni ko`rish niyatida. Ushbu vazifani hal qilishda ham tadbirkorlarning faol ishtiroki talab etiladi.

Tibbiy, sport, agro- va qishloq turizmi rivojlantiriladi. Aydarko`l (Jizzax va Navoiy viloyatlari), To`dako`l (Navoiy viloyati) va Uchqizil (Surxondaryo viloyati) ko`llarida dam olish sharoitlari yaxshilanadi.

Qishloq joylarda «turistik mahallalar» paydo bo`lishi mumkin. Ular sayohatchilarni an`anaviy turmush tarzi, hunarlar, milliy taomlar bilan tanishtirishga mo`ljallangan qishloq va etnografik turlarga kiritiladi.

«Shoping-turizm»ni rivojlantirish ko`zlanmoqda. Ushbu loyiha Bojxona kodeksiga bojsiz savdo (Duty Free) do`konlari faoliyatini tashkil etish bilan bog`liq o`zgartirish va qo`shimchalar kiritishni taqozo etadi. Tarixiy shaharlar (Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz) va mintaqalarning ma`muriy markazlarida ana shunday savdo shoxobchalari paydo bo`lishi kerak. Brend kiyimlar, kosmetika va aksessuarlar sotiladigan savdo-ko`ngilochar komplekslari va butiklar tashkil etishni rag`batlantirish rejalashtirilmoqda.

Loyiha o`zgartirilishi, unga qo`shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar