Bugun, xalqaro press-klubning navbatdagi anjumani “Bolalar va yoshlarning manaviy-axloqiy tarbiyasida oilaning roli“ mavzusiga bag`ishlandi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Anjumanda “Oila “ ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O`zbekiston xotin-qizlar qo`mitasi vakillari va xalqaro ekspertlar ishtirok etdilar.
Jurnalistlar anjuman davomida O`zbekistonda oila qurish yoshini kattalashtirish taklifini berdilar. Hamda so`nggi vaqtlarda ajrashishlarning ko`pligining birlamchi sababi moddiy qiyinchiliklar emasmi, degan savolni o`rtaga tashladilar.
Xotin-qizlar qo`mitasi raisi o`rinbosari Mukarram Nurmatovaning aytishicha, O`zbekistonda aholining 98% oilalarda istiqomat qiladi va yurtimizda 7 milliondan ortiq oilalar mavjud. Oilalarning buzilishining birlamchi sababi esa moddiy qiyinchiliklar emas. Oiladagi tarbiya, ikki yoshning axloqi ko`proq nikohning mustahkamligiga ta`sir etadi.
Nikoh yoshini kattalashtirish bo`yicha esa xotin-qizlar qo`mitasi o`z tavsiyalarini bergan. Qo`mita raisi o`rinbosarining aytishicha, nikoh qurish uchun ruxsat etilgan eng kichik yosh yigit va qizlar uchun birdek, 18 etib belgilanishi taklif etilgan. Biroq, erta turmushning salbiy oqibatlari targ`ib etilishiga qaramay, ba`zi viloyatlarda qizlar 16 yoshdan turmushga berilmoqda.
Eslatib o`tamiz, hozirda oila qurishning eng kichik yoshi yigitlar uchun 18, qizlar uchun 17 etib belgilangan.






