AsosiyJamiyat

O`qituvchilarning «So`g`diyona» klubiga o`tkazib berilgan pullari qaytariladi

'O`qituvchilarning «So`g`diyona» klubiga o`tkazib berilgan pullari qaytariladi'ning rasmi

Xalq ta`limi vazirining huquqiy-nazorat xizmati Jizzax viloyatida o`qituvchilardan mahalliy futbol klubining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 272,15 mln so`m mablag` yig`ilganini aniqladi. Vazirlik axborot xizmatining ma`lum qilishicha, hozir ushbu mablag`larni qaytarish choralari ko`rilmoqda.

Jizzax viloyati hokimi 2018 yilning 2 noyabrida “So`g`diyona» professional futbol klubining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash to`g`risida” farmoyish chiqargan. Unga asosan 3-4 noyabr kunlari umumxalq hashari tashkil etilgan. Farmoyishda umumxalq hashari doirasida boshqarmalar, idoralar va boshqa tashkilotlarda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning bir kunlik ish haqi «So`g`diyona» futbol klubining hisob raqamiga ixtiyoriy ravishda o`tkazilishi belgilab qo`yilgan.

Ushbu hashar doirasida Jizzax viloyati xalq ta`limi boshqarmasi tasarrufidagi 10 ta tuman xalq ta`limi bo`limiga qarashli umumiy o`rta ta`lim maktablari ishchi-xodimlarining jami 272 156 729 so`mlik ish haqi o`tkazib berilgan.

Hokimning bu farmoyishi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi “O`zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga zid ravishda qabul qilingan. Umumxalq hashari faqat prezidentning hujjati yoki hukumat qarori bilangina tashkil etilishi mumkin.

Xalq ta`limi vazirining huquqiy-nazorat xizmati aralashuvidan so`ng viloyat hokimining “So`g`diyona» professional futbol klubining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash to`g`risida”gi farmoyishi bekor qilindi. Hozir «So`g`diyona» futbol klubi hisob raqamiga noqonuniy o`tkazilgan pullarni qaytarish choralari ko`rilmoqda.

    Boshqa yangiliklar