Majburiy ijro byurosining Mirzo Ulug`bek tuman bo`limiga «Montessori-Ta`lim» nodavlat ta`lim muassasasi rahbari X.Yo`ldasheva tuman elektr tarmoqlari korxonasidagi tamagirlik holati yuzasidan ariza bilan murojaat qildi.
Arizaga ko`ra, ta`lim muassasasining elektr energiyasidan 6 ming so`m qarzi borligi uchun Mirzo Ulug`bek tumani ETK yuridik iste`molchilar bo`yicha muhandisi V.Husanov tashkilotni tarmoqdan uzib qo`ygan. U ushbu qarzdorlikni yopish uchun qonunda belgilangan yuridik shaxslar uchun belgilangan eng kam oylik ish haqining 10 barobarini to`lashi lozimligini aytadi. Agar tashkilot rahbari eng kam oylik ish haqining 5 barobarini o`ziga to`lasa hech qanday hujjatlarsiz tashkilotni yana qayta elektr tarmog`iga ulab berishini bildiradi.
Byuroning Mirzo Ulug`bek tuman bo`limi xodimlari tomonidan ushbu holat yuzasidan tezkor tadbir o`tkazildi.
Tadbirda V.Husanov iste`molchi bilan oldindan tanish ekanligidan foydalanib, 2018 yilning 6 sentyabr kuni nodavlat ta`lim muassasasiga qarashli qurilishi tugallanmagan ob`ektda elektr energiyasidan qarzdorlik majudligini aytib, bunga vakolati bo`lmasa-da, iste`molchini tarmoqdan uzganligi aniqlandi. U keyinchalik tashkilot rahbari X.Yo`ldashevadan muassasani tarmoqqa qayta ulab berish uchun Shayxontohur tumanidagi «Mediapark» savdo do`koni oldida, avtomashinalar to`xtash joyida 920.000 so`m naqd pulni shaxsiy ehtiyoji uchun olayotganda daliliy ashyo bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan V.Husanovga va boshqalarga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, surishtiruv-tergov ishlari olib borilmoqda.






