“O`zekspomarkaz”da “Markaziy Osiyo sanoat haftaligi – Central Asian Industrial Week” xalqaro tarmoqlararo forumi ish boshladi, deya xabar bermoqda O`zA.
Tadbir doirasida “Yo`l qurilishi va maxsus texnika – UzComak – 2014”, “Tog`-kon ishi – Mining World Uzbekistan – 2014”, “Metallurgiya va mashinasozlik – Machinery Central Asia – 2014”, “Kimyo sanoati – Chemie Uzbekistan – 2014”, “Plastmassa sanoati – Plastex Uzbekistan – 2014” va “Poligrafiya va qadoqlash – O’zbekinprint-O’zupack” xalqaro ko`rgazmalari ochildi.
Sanoat haftaligi O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo`mitasi, “O`zavtoyo`l” va “O`zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyalari, Savdo-sanoat palatasi tomonidan “ITE Uzbekistan” xalqaro ko`rgazma kompaniyaci va ITE kompaniyalar guruhi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ekspozisiya yo`nalishlar bo`yicha ikki yirik sektorga bo`lingan. Birinchi sektor tog`-kon sanoati, metallurgiya, mashinasozlik, qurilish va maxsus texnika sanoatiga bag`ishlangan. Ushbu sektor doirasida kon ishlarini amalga oshirish uchun mo`ljallangan yirik qurilish texnika va mashinalari, ikkinchi sektorda esa kimyo, plastmassa, polimerlar, qadoqlash va matbaa sanoati yutuqlari namoyish etilmoqda.
Joriy yilda mazkur ko`rgazmalar ekspozisiyasida O`zbekiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Italiya, Fransiya, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Polsha, Belarus, Finlyandiya, Chexiya, Shveysariya, Shvesiya, Qozog`iston kabi mamlakatlardan yuzdan ziyod kompaniya mahsulotlari o`rin olgan.
Bu erda turli sanoat tarmoqlari uchun mo`ljallangan eng so`nggi ishlanma va keng turdagi uskunalar taqdim etilgan.
Xalqaro ko`rgazmalar ishtirokchilarining ta`kidlashicha, “Central Asian Industrial Week” xalqaro forumining o`tkazilishi tajriba almashish, hamkorlik ko`lamini kengaytirish, turdosh sanoat tarmoqlari vakillari o`rtasida uzoq muddatli shartnomalar tuzish uchun xizmat qiladi.
Markaziy Osiyo sanoat yarmarkasi dasturi doirasida taqdimot marosimlari, davra suhbatlari, ishtirokchilar hamda mutaxassislar o`rtasida muzokaralar o`tkaziladi.
22.10.2014 09:19





