AsosiyJamiyat

Toshkentdagi “Malika” savdo kompleksida aslida nimalar ro`y bergani ma`lum bo`ldi

'Toshkentdagi “Malika” savdo kompleksida aslida nimalar ro`y bergani ma`lum bo`ldi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizdagi “Malika” savdo majmuasida joriy yilning 13 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi tomonidan tashkil etilgan nazorat tadbiri tafsilotlari turlicha talqin qilinmoqda.

Xususan, “tadbirkorlarning 80 foiz do`konlari yopib qo`yildi”, “endi bundan buyon tekshir-tekshir boshlandi” yoki “tovarlar hech qanday hujjatlar rasmiylashtirilmasdan olib qo`yildi va ertaga qaytarilmaydi” kabi mazmundagi noto`g`ri fikr-mulohazalar bildirilmoqda.

Davlat soliq qo`mitasi ularga quyidagicha izoh bildiradi.

“Malika” savdo majmuasida jami 205 ta savdo do`koni mavjud bo`lib, 2018 yil 15 noyabr kuni ularning 80 foizdan ortig`i, ya`ni barcha hujjatlarga ega, qonuniy yo`l bilan ishlayotgan savdo do`konlari o`z faoliyatini odatdagidek davom ettirmoqda.

Soliq organlari tomonidan profilaktik tadbirlar va targ`ibot ishlariga alohida e`tibor qaratilib, tadbirkorlik bilan shug`ullanmoqchi bo`lgan jismoniy shaxslarga o`z biznesini to`g`ri yo`lga qo`yishlari uchun yordam berilmoqda. Joriy yilning birgina sentyabr-oktyabr oylarida 22 nafar shaxsning tadbirkor sifatida davlat ro`yxatidan o`tishiga ko`maklashilgan.

Lekin bunday targ`ibot-tashviqot ishlariga befarqlik bilan qarab, o`z faoliyatini noqonuniy yuritib kelganlarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo`yishga qaratilgan manzilli nazorat tadbirlari o`tkazilmoqda.

Aynan “Malika” savdo majmuasidagi nazorat tadbirida 205 ta do`kondan 13 tasida tadbirkorlik guvohnomasi bo`lmagan shaxslar savdo bilan shug`ullanayotganligi aniqlandi. Ularga tegishli bo`lgan hech qanday hujjat va sifat sertifikatisiz, umumiy qiymati qariyb 308 mln. so`mlik maishiy texnika vositalari, uyali aloqa telefonlari va aksessuarlar masala qonuniy hal bo`lguniga qadar vaqtinchalik olib qo`yildi.

Nazorat tadbiri davomida hujjatsiz sotilayotgan tovarlarni vaqtincha olish yuzasidan barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirildi. Jumladan, tovarni olish dalolatnomasi (unda aniq ro`yxat keltirilgan), uning nusxasi huquqbuzarga taqdim etilgan.

Savdodan olingan tovarlar saqlash uchun maxsus do`konlarga topshirilib, ularning butligini ta`minlash bo`yicha aniq mas`ul shaxslarga javobgarlik yuklatildi. Ushbu huquqbuzarlar kamchiliklarni bartaraf etsa, ya`ni 1 oylik muddat davomida o`z faoliyatini qonuniy asosda yo`lga qo`ysa, ular uchun hech qanday jarimalar qo`llanilmagan holda, olib qo`yilgan tovarlari qaytarib berilishi sud orqali hal etiladi. Bu borada tegishli ishlar boshlab yuborilgan.

Davlat soliq qo`mitasi o`z faoliyatini qonun doirasida olib borayotgan va soliqlarni o`z vaqtida to`lab kelayotgan tadbirkorlarga hech qanday to`siq bo`lmasligini, faoliyati ortiqcha tekshirilmasligini yana bir bor eslatib o`tadi.

    Boshqa yangiliklar