O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida Toshkent shahrida joylashgan 107-maktabning o`quvchilari uchun “Armiya va yoshlar” shiori ostida uchrashuv va ekskursiya uyushtirildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yoshlar ittifoqining Toshkent shahar kengashi va 107-sonli maktab direktori Nigora Salimova rahbarligida o`quvchi-yoshlar akademiya faoliyati, mashg`ulot xonalarda tashkil etilgan zamonaviy pedagogik ta`lim tizimi, modellashtirish va simulyasiya, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, kursantlarning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi.

Shundan so`ng mehmonlar Qurolli Kuchlar akademiyasi tarixi muzeyiga sayohat qilishdi. Joriy yilda o`zining 100 yoshini nishonlagan Toshkent oliy umumqo`shin qo`mondonlik bilim yurti (hozirda Qurolli Kuchlar akademiyasi) 1918 yil 12 iyulda tashkil topgan. 1941—1945 yillarda fashizmga qarshi olib borilgan urush davrida bilim yurtida 25 ta bitiruv o`tkazilib, 8 mingdan ortiq ofiserlar tayyorlangan.

Ushbu qo`mondonlik bilim yurti bitiruvchilari orasida 150 nafardan ortig`i general unvoniga erishgan. O`zbekiston Prezidentining 2017 yil 25 apreldagi tegishli qaroriga muvofiq Toshkent oliy umumqo`shin qo`mondonlik bilim yurti negizida yangi Qurolli Kuchlar akademiyasi tashkil etildi.
Taassurotlarga boy o`tgan ekskursiya yakunida o`quvchi-yoshlar Akademiyaning katta majlislar zalidagi “Milliy armiya – barqaror taraqqiyot kafolati” mavzusida o`tkazilgan davra suhbati qatnashdi. Akademiyaning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo`limi boshlig`ining o`rinbosari podpolkovnik Lochin Narziqulov o`quvchilarga milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlar, innovasion yondashuvlar xususida so`zlab o`tdi.

Tadbir so`ngida Qurolli Kuchlar akademiyasi faoliyati aks ettirilgan hujjatli film namoyish etildi.






