17 noyabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari qilichbozlik federasiyalari rahbarlarining kengashi bo`lib o`tdi, deb xabar berdi federasiya matbuot xizmati.
Yig`ilishda Xalqaro qilichbozlik federasiyasi ijroiya qo`mitasi a`zosi V.Logvin ham ishtirok etdi.
Kengashda so`zga chiqqan Logvin mintaqada qilichbozlik sporti shiddat bilan rivojlanayotganligini hisobga olgan holda, shuningdek milliy qilichbozlik federasiyalari o`rtasidagi o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Markaziy Osiyo qilichbozlik Konfederasiyasini tashkil etish masalasini ko`rib chiqishni taklif qildi.
Kengash qatnashchilari ushbu tashabbusni yakdillik bilan ma`qulladilar. Yig`ilishda so`zga chiqqan Qozog`iston qilichbozlik federasiyasining vise-prezidenti R.Kichikov Markaziy Osiyo qilichbozlik konfederasiyasi rahbar organini shakllantirish zarurligini ta`kidlab, Markaziy Osiyo qilichbozlik konfederasiyasi prezidenti lavozimiga O`zbekiston qilichbozlik federasiyasining raisi Rustam Shoabdurahmonov nomzodini taklif qildi.
Kengash qatnashchilari bir ovozdan R.Shoabdurahmonov nomzodini qo`llab-quvvatladilar va Markaziy Osiyo qilichbozlik konfederasiyasi prezidenti etib sayladilar.
Konfederasiya bosh kotibi lavozimiga Afg`oniston qilichbozlik federasiyasi prezidenti A.Tarik, tashkilot vise-prezidentiligiga esa Qozog`iston qilichbozlik federasiyasining vise-prezidenti R.Kichikov saylandi.






