AsosiyJamiyat

Ohangaronlik ayol dugonasi "gap"dan chiqarib yuborgani uchun o`ch olmoqchi bo`ldi va jinoyatga qo`l urdi

Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida bir ayol dushmanidan o`ch olish niyatida ikki yigitni  jinoyat ko`chasiga etakladi.

Gap shundaki, novvoylik bilan shug`ullanuvchi Nazokat Majidova (ism-familiyalar o`zgartirib berilmoqda) asli bo`kalik Samariddin Islomovni dushmani Nargizaning uyiga o`g`rilikka tushishga majbur etadi.

Nargiza ham novvoy bo`lib, Nazokatni dugonalarining oldida kamsitib, “gap”dan chiqarib yuborgan edi. Nazokat dushmanining kasalxonada yotganidan foydalanib, alamini olish maqsadida uning uyida o`g`rilik sodir etishni rejalashtiradi.

Samariddin o`ziga muqaddam uch marta sudlangan qo`shnisi Doniyor Tohirovni sherik qiladi. Tunda Samariddin va Doniyor Nargizaning hovlisiga devordan oshib o`tishadi. Dastlab erto`laga tushib, u erdan biron-bir arzigulik buyum topa olmagach, erto`laning ustidagi uyga kirishadi. Uydagi seyfni ochishga qanchalik urinishmasin, eplay olishmaydi.

Shundan so`ng, avzoyi buzilgan yigitlar hovlining boshqa tarafidagi xonalarga o`tishadi. Xonalarning birida yoshgina juvon ikki nafar farzandi bilan hamda yoshi kattaroq ayol uxlab yotganini ko`rishadi. Yosh juvon o`yg`onib ketib, qo`rquvdan yig`lay boshlaydi. Doniyor qo`llari bilan uning og`zini yopishga harakat qiladi. Doniyor unga “yaxshi” o`g`rilar ekanini, seyfning kalitini bersa, hech kim jabr ko`rmasligini” tushuntirishga harakat qiladi.

Yosh juvon seyfning kaliti ularda yo`qligini, ularni tinch qo`yishini aytib, yolvoradi. O`g`rilar esa uydan ikki million so`m pul va “Nokia” rusumli telefon apparatini olib chiqib ketishadi.

Ushbu jinoyat bo`yicha Ohangaron tuman sudida Nazokat, Samariddin va Doniyorga O`zbekiston Respublikasi nomidan hukm o`qildi. Ularning har biriga qonunda belgilangan tartibda jazo tayinlandi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

uz24.uz

    Boshqa yangiliklar