Xalq ta`limi vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan loyihalarda o`quvchi-yoshlarni ishtirokini ta`minlash maqsadida “Vazirlik va o`quvchi-yoshlar” loyihasi ishlab chiqildi, deb xabar bermoqda Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati.
Mazkur loyiha 16-17 noyabr kunlari Toshkent shahrida ilk bor o`tkazildi. Unda Xalq ta`limi vazirligi vakillari hamda O`zbekistonning barcha hududlaridan kelgan xalqaro va respublika fan olimpiadalari g`oliblari, yoshlar etakchilari, “Ittifoq“ va “Kamalak“ sardorlaridan iborat 70 nafar o`quvchilar ishtirok etdi.
Loyiha doirasida o`quvchi-yoshlar Toshkent shahridagi 144- va 324-sonli umumta`lim maktabi hamda Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
Shu bilan birga, ishtirokchilar Xalq ta`limi vazirligi rahbariyati bilan uchrashdilar, istiqboldagi rejalari umumta`lim muassasalarida o`quvchi-yoshlar bilan ishlash yo`nalishidagi o`zlarining taklif-mulohazalari hamda loyihalarini muhokama etdilar.
Loyihaning ikkinchi kuni Toshkentdagi Inha universiteti tashabbusi bilan “Codecraft” dasturiy ta`minotini o`qitishga qaratilgan maxsus malaka oshirish kursi tashkil etildi. Universitet mutaxassislari tomonidan “Codecraft” dasturiy ta`minoti haqida tushunchalar berildi va o`quvchi-yoshlar mobil qurilmalar uchun ilovalar yaratish bo`yicha amaliy mashg`ulotlarda ham ishtirok etishdi.
Uchrashuv natijasiga ko`ra, ilk marotaba Xalq ta`limi vazirligi o`quvchi-yoshlar bilan ishlash yo`nalishi bo`yicha o`quvchi-yoshlarning takliflari asosida “Yo`l xaritasi” qabul qildi va uni amalga oshirishda maktablardagi yoshlar etakchilari va sardorlari bevosita ishtirok etishi belgilab olindi.






