Bola boshidan, deganlaridek, xorijlik mutaxassislar olib borgan ilmiy tadqiqotlardan ayon bo`ldiki, bolada juda yoshligidanoq tadbirkorlik va liderlik qobiliyatini shakllantirish mumkin. Bu borada quyidagi 7 tavsiya ota-onalarga asqatadi.
- Bolaning fikrini hurmat qilayotganingizni uning o`ziga doim bildiring.
- Har doim a`lo baho olishga majburlamang. Chunki bolada o`qishga, bilim olishga qiziqishni kuchaytirish kerak. U baho uchun emas, chinakam ma`noda bilim olishga intilishi lozim.
- Maqsad sari dadil qadam tashlashga o`rgating. Buning uchun kichkintoy turli tanlov va bellashuvlarda ko`proq ishtirok etsin.
- Bolaning “shaxsiy hayoti” bilan qiziqib borish lozim. Misol uchun, bog`cha yoki maktabda biror do`sti undan foydalanayotgan bo`lishi mumkin. Bolaga chin do`st hech qachon bunday qilmasligini tushuntiring. O`z navbatida, bolangiz ham boshqalarga nisbatan manipulyasiya qo`llashiga yo`l qo`ymang;
- Bola to`garaklarga borishi, jamoaviy ishlashni o`rganishi kerak. Chunki lider jur`atli, kirishimli, ortidan ko`pchilikni ergashtira oladigan bo`lishi shart.
- O`g`il-qizingizga nafaqat ota-ona, balki do`st, sirdosh ham bo`ling!
- Amerikalik milliarder Freyzer Doerti erishgan barcha muvaffaqiyatlariga sabab deb 14 yoshida buvisining reseptlari asosida mevalardan jem tayyorlashga qiziqib qolganini biladi. U pishirgan murabbolarini qo`shnilarga sotib, shundan jamg`argan puliga o`zining ishlab chiqarish korxonasini tashkil qilgan. Va oradan uch yil o`tgach millionerga aylangan! Siz ham bolangizda yilt etgan qiziqish va iqtidorni payqasangiz, uni imkon qadar qo`llab-quvvatlang.