AsosiyJamiyat

Jinoyat ishi: Chilonzorda kirakash tovlamachi qo`lga olindi

Anvar (ismlar o`zgartirilgan) kirakashlik qilishni boshlagandan beri halol rizqini topib eb yurgandi. Nima jin urdiyu, o`sha kuni ichiga shayton oraladi.
Bozor har doimgidek gavjum. Asosan yo`lovchilarini shu erdan topadigan Anvar bugun ham yo`l yoqasida sekin kelayotganida, “shubhali” qora paket ushlab olgan bir yo`lovchi qo`lini ko`tardi. “Shubhali” deyishimizning boisi, bu paket to`la pulligini Anvar darhol payqagandi. Xayolidan bir muddat shu paketni qanday qilib qo`lga tushirish o`yi o`tdi. Bir tomondan shaytonga hay berishni ham o`yladi. Lekin aynan qulay fursat tug`ilib qoldi-da...
- Assalomu alaykum, iltimos, qo`shni tumangacha etkazib qo`ysangiz, - dedi eshikni ochgan yo`lovchi samimiy mulozamat bilan.
- Bajonidil, marhamat, - dedi Anvar ham uning qo`lidagi paketdan ko`zini olib qochishga harakat qilib.
- Ha-a, necha pul bo`ladi?
- Besh ming so`m og`irlik qilmaydimi? – dedi Anvar kulimsirab.
- Mayli, ketdik, - dedi yo`lovchi va avval qo`lidagi qora paketni old o`rindiqqa tashlab, o`zi orqa cho`ntagidagi qo`l telefonini olib o`tirishga chog`langanda kutilmagan holat ro`y berdi. Anvar gazni bosib mashinasini shunday haydab ketdiki, hatto orqasidan hay-haylab qolgan yo`lovchining ovozini ham eshitolmadi.
“Oson ekan-ku pul topish”, deb o`yladi Anvar yonidagi qora paketga ko`z tashlab, mashinasini eldirib borarkan. “Ahmoq, pulingdan oldin o`zing o`tirmaysanmi mashinaga?! O`zi ketgisi kelgan pul ekan-da bu...” Xayolidan shunday o`ylarni kechirib, ko`zdan pana bir joyda to`xtadi va paketni ochib pullarni sanab ko`rdi: naq 900 ming so`m. “Anchagina muammoni hal qilib olsam bo`larkan”, deb o`yladi u va joyidan qo`zg`aldi...
Ertasiga ertalab ishga chiqarkan, kecha qilgan ishini eslab vijdoni biroz “o`rtadi”. “Bir marta qildim, bas endi”, deb ham o`yladi, lekin... Ko`chasining boshida o`rtog`i Nizomjon uni ko`rib, qo`lini ko`tardi.
- Hey, bugun bir narsalar o`yladim, - dedi Nizomjon. - O`zi hozirgina senga qo`ng`iroq qilmoqchi bo`lib turgandim. Qani, bozorga hayda mashinangni…
Ular yo`l-yo`lakay gapni bir joyga qo`yib, rejani pishiq-puxta qilib oldilar. Bozorga etib borgach, yo`l bo`yida turgan valyutafurushlarning yoniga to`xtadi. Anvar mashinadan tushmay boshini oynadan chiqarib:
- 200 dollarni so`mga aylantirishimiz kerak, - dedi “qora bozor”da noqonuniy valyutafurushlik bilan shug`ullanib turganlarga qarata.
- Albatta, mana biz-da, - dedi ulardan biri mashinaga yaqinlashib.
- Mashinaga chiqing, - dedi Anvar eshikka ishora qilib.
U mashinaga chiqqach, bu erdan to`rt-besh metr uzoqlashib, qulayroq joyda to`xtadilar va old o`rindiqda o`tirgan Nizomjon orqadagi valyutafurushga yuzlandi.
- Xo`sh, akaxon, qanchadan olyapsizlar endi?..
Biroz savdolashishganlaridan keyin Nizomjon cho`ntagidan 200 AQSh dollarini chiqardi. Valyutafurush ham bo`yniga osib olgan mo``jaz sumkasidan pullarni olib sanay boshladi. Anvar Nizomjonga qarab ishora qildi. U “shoshmay tur” degandek kiprik qoqdi. Valyutafurush pulni uzatganda Nizomjon cho`ntagidan bir guvohnoma chiqardi va ichini ochib:
- Akaxon, siz hozirgina noqonuniy valyutafurushlik bilan shug`ullanib, ashyoviy dalillar bilan qo`lga tushdingiz. Biz tegishli idoradanmiz. Guvohnomaga yaxshilab qarab oldingizmi, - dedi Nizomjon guvohnomani tezgina yoparkan. Unda allaqanday muhr va o`zining surati bor edi. Valyutafurush bunaqa holatni kutmaganidan bir zum dovdirab qoldi. Uning nima deyishni bilmay qotib qolganini ko`rgan Anvar qo`lidagi pulga chang soldi.
- Demak, mana ashyoviy dalil. Hozir tuman ichki ishlar bo`limiga boramiz va o`sha erda hammasiga yanada aniqlik kiritamiz. Siz xavotir olmang, qolgan hamtovoqlaringizni ham sekin-asta fosh etamiz. Ketdikmi, - dedi u Nizomjonga qarab.
- Shoshmanglar, akalar, - valyutafurush tilga kirdi. – Men bu ishni yaqindan beri qilyapman. Bola-chaqam, tirikchiligim bor.
- Akaxon, bizga buning farqi yo`q, siz avvalo qonunni buzdingiz. Tirikchilik qilishning boshqa qonuniy yo`llari ham ko`p-ku, axir, - dedi Nizomjon qovog`ini o`yib.
- To`g`ri, lekin kelinglar, ishni shu erning o`zida hal qilib olsak bo`lmaydimi? Nima desangiz...
Xullas, ular valyutafurushdan qo`lga kiritgan pullarini teng ikkiga bo`lib oldilar va ertaga yana uchrashishga kelishib xayrlashdilar…
Ertasi kun ular yana bozor yonidagi noqonuniy valyutafurushlarning yoniga kelib to`xtadi. “Ssenariy” o`sha-o`sha. Faqat bugungi “mijoz” biroz dadilroq chiqdi. Ikkovlon uni har qancha avramasin, o`z yo`rig`iga kiritishi oson kechmadi. Nihoyat, ish mashinani tuman ichki ishlar bo`limining yoniga olib borishgacha etdi. Valyutafurush esa bor pullarini mashinaga tashlab qochib ketishga muvaffaq bo`ldi. Bu esa tovlamachilar uchun ham ayni muddao edi. Ammo buzoqning yugurgani somonxonagacha, degan naql bejiz aytilmagan. Tovlamachilar “tushirib” ketgan jabrlanuvchilar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildilar. Olib borilgan surishtiruvlar natijasida kirakash tovlamachilar tez orada qo`lga olindi va har ikkisiga nisbatan tegishli jazo choralari qo`llanildi.
O. Boltaboev, Toshkent shahri, Chilonzor tumani IIB TB tergovchisi, leytenant
S. Safarov, jurnalist

pressnews.uz

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar