AsosiyJamiyat

Toshkent davlat yuridik universitetiga o`qishga kiritish bilan shug`ullangan jinoiy guruh​ qo`lga olindi

'Toshkent davlat yuridik universitetiga o`qishga kiritish bilan shug`ullangan jinoiy guruh​ qo`lga olindi'ning rasmi

Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Oliy ta`lim muassasalariga noqonuniy yo`llar orqali o`qishga kiritib qo`yish faoliyati bilan shug`ullanib kelgan jinoiy guruh a`zolariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, ularning faoliyatiga chek qo`yildi.

O`tkazilgan tergov-tezkor harakatlari davomida O`zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi sobiq xodimi Sh.X., Toshkent viloyati Bo`stonliq tumani IIB bo`linma boshlig`i J.S. va yana bir guruh shaxslar jinoiy guruhga birlashib, oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kirish istagida bo`lgan shaxslar bilan til biriktirib, 8-10 ming AQSh dollari evaziga o`qishga kiritish bilan shug`ullanib kelgani aniqlangan.

Ular «parovoz»lardan foydalanishgan, ya`ni «abiturient»larning fuqarolik pasportlaridagi fotosuratlarini qalbakilashtirib, ularning o`rniga yuqori nazariy bilimga ega bo`lgan jinoiy guruh a`zolarini kiritishgan.

Xususan, 2018 yil iyul oyida 7 nafar abiturientning pasportlaridagi fotosuratlari o`rniga jinoiy guruh a`zolarining rasmlarini maxsus uskunalar yordamida joylab, qalbaki fuqarolik pasportlari asosida Toshkent davlat yuridik universitetiga kiritish uchun, 1 nafar abiturientni esa Farg`ona davlat universitetiga o`qishga kiritish uchun harakat qilib ko`rishgan va DTM ruxsatnomasini olishga ham muvaffaq bo`lishgan.

Jinoiy guruh a`zolari turli vaqtlarda qo`lga tushgan. Masalan, ularning biri TDYuU qabul komissiyasiga DTM ruxsatnomasini olish uchun kelgan vaqtda, taqdim qilgan fuqarolik pasportdagi fotosurat qalbaki ekani aniqlangan.

Jinoiy guruhning boshqa a`zolari esa 1 avgust kuni TDYuUga o`qishga kirish uchun o`tkazilgan test sinovlariga qalbaki hujjatlar asosida kirgan. Test jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida jinoiy guruh a`zosi J.F. davlat imtihonlariga «abiturient» U.U. o`rniga kirgani aniqlanib, qo`lga olingan.

Bundan tashqari, tergov davomida Toshkent shahar prokuraturasining topshirig`iga asosan TDYuUda noqonuniy o`qishga kirish holatlarini aniqlash bo`yicha maxsus komissiya tuzilib, mazkur komissiya abiturientlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar va imtihon jarayoni tasvirga olingan videoyozuvlar tahlil qilindi.

Natijada, jinoiy guruh tomonidan bir guruh abiturientlar o`rniga qalbaki hujjatlar asosida test sinovlarini echib chiqqani, ular TDYuUga davlat granti va shartnoma asoslarida o`qishga qabul qilingani aniqlangan.

Jinoyat ishi bo`yicha 7 nafar shaxsga Jinoyat kodeksi 28, 211-moddasi (pora berishga dalolatchilik qilish), 228-moddasida (hujjatlarni qalbakilashtirish va hujjatning qalbaki ekanligini bila turib undan foydalanish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblov e`lon qilinib, ularga qamoq ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

Qalbaki hujjatlar asosida, qing`ir yo`llar bilan Toshkent davlat yuridik universitetiga o`qishga qabul qilingan shaxslar talabalar safidan chiqarildi.

    Boshqa yangiliklar