Toshkent Davlat Irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutida suv bo`yicha hamkorlik masalalari yuzasidan xalqaro seminar bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Suv xo`jaligi vazirligi, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi, Shveysariya hamkorlikni rivojlantirish agentligi va boshqa bir qator tashkilotlar tashabbusi bilan o`tkazilgan mazkur anjumanda tegishli davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikistondan tashrif buyurgan mutaxassislar, institutning o`qituvchi va talabalari ishtirok etishdi.
Ma`lumki bugungi kunda suv bo`yicha hamkorlik dunyo ahamiyatiga molik masalalardan hisoblanadi. Sayyoramizda aholi sonining ortishi, ishlab chiqarish va qishloq xo`jaligining rivojlanishi suv resurslariga bo`lgan talablarni tobora oshirmoqda. Bu jarayonlar sayyoramizdagi suv zahiralariga ham miqdor, ham sifati jihatidan ta`sir ko`rsatmoqda.
Markaziy Osiyo Er yuzidagi suv tanqisligi kuzatilayotgan mintaqalar sirasiga kiradi. Garchi mintaqada 200 dan ortiq daryolar mavjud bo`lsa-da, mintaqadagi davlatlar ushbu suv zahiralaridan o`zaro kelishgan holda, oqilona foydalanishlari lozim bo`ladi. Shu bois, keyingi paytda bunday xalqaro uchrashuvlar tez-tez o`tkazilmoqda.
Mazkur yig`ilishda ham sohada yangi g`oya va tajribalarni qo`llash, shuningdek, jahon tajribasidan o`tgan, suvdan tinchlik maqsadlaridan foydalanishga yo`naltirilgan Blue Peace loyihasini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Shavkat Hamroev, O`zbekiston Respublikasi Suv xo`jaligi vaziri:
— Bugun Markaziy osiyo uchun suv hayot-mamot manbai bo`lib turibdi. Mamlakatimiz rahbari ham bu masalaga katta e`tibor bilan qaramoqda, echimini kutayotgan jiddiy muammolardan qochmasligimiz, ularga echim topishimiz zarurligini ta`kidlamoqda.Joriy yil avgust oyida Turkmanistonda mintaqa davlatlari rahbarlarisammitida ham ana shu masala muhokama qilindi. Zotan, biz bu muammolarni birgalikda hal etishimiz zarur.Ana shu masalada bir qator xalqaro tashkilotlar, qo`shni davlatlar bilan doimiy hamkorlik qilib kelyapmiz. Transchegaraviy daryolardan foydallanishda sayyoramizdagi boshqa yirik mintaqalarida, xususan Afrikadagi Senegal, To`q-sariq daryo singari suv havzalaridato`plangan tajribalarni o`rganib Orolbo`yi havzasida suvdan foydalanish muammolarini bartaraf etishda qo`llash taklif etilmoqda.
O`ktam Umrzoqov, Toshkent Davlat Irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti rektori:
— Mazkur seminardan maqsad mintaqadagi suv zahiralaridan foydalanish bo`yicha hamkorlik qilishda xalqaro tajribalardan foydalanish masalalari muhokama qilindi. Ana shu masalada “Blue Peace Central Asia” xalqaro loyihasi ta`sis etilgan. Ushbu loyiha asosida mintaqadagi beshta respublika o`rtasida hamkorlik yo`lga qo`yilgan. Umid qilamizki, ushbu seminar bu boradagi bilim va tajribalarimizni oshirib, o`zaro hamkorligimizni yanada mustahkamlaydi.
Olive Shav, Shveysariyaning O`zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:
— Shveysariyani gohida Evropaning “suv minorasi” deb ham atashadi. Mamlakatimizdan boshlanadigan daryolar qit`aning 17 davlatini suv bilan ta`minlaydi. Shu bois mamlakatimizda transchegaraviy daryolardan oqilona foydalanish tajribasi ancha uzoq tarixga ega. Shu sababli ushbu sohada hamkorlikni rivojlantirish Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham katta ahamiyatga ega. Umumiy suv zahiralaridan o`zaro kelishuv asosida, o`z o`rnida foydalanish orqali mintaqadagi barcha davlatlar foyda ko`radi. Shu boisdan Shveysariya hukumati “Blue Peace Central Asia” loyihasini har tomonlama qo`llab-quvvatlaydi va o`z yordamini ayamaydi.

Seminarda so`zga chiqqanlar mazkur masala yuzasidan o`z fikr-mulohazalarini bildirib, o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.






