Bugun Xorazm viloyat Yoshlar markazida “Kelin-kuyovlar innovasion maktabi” ochildi. Ushbu maktab Yoshlar ittifoqi tomonidan “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Mazkur maktabni ochishdan asosiy maqsad yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, bo`lg`usi kelin-kuyovlarga hayotiy tajribalardan saboq berish, ularning oilaviy munosabatlar bo`yicha bilim va ko`nikmalarini oshirishdan iborat.
Ochilish marosimida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori, senator Dilorom Toshmuhamedova, Bosh vazir o`rinbosari, Xotin-qizlar qo`mitasi raisi Tanzila Norboeva, O`zbekiston Yoshlar ittifoqi Xorazm viloyat Kengashi raisi Mansur Masharipov, viloyat Xoin-qizlar qo`mitasi raisi Gulsara Qurbonboeva va mutasaddi tashkilot rahbarlari, viloyatdagi yosh oila vakillari ishtirok etishdi.
Yosh oilalarga seminar-treninglar o`tish uchun viloyatdagi eng namunali oilalardan biri Masharipovlar oilasi ham taklif etilib, oilaning birdamligi va totuvligida nimalarga e`tibor qaratish to`g`risida hayotiy misollar keltirishdi.
- 20 yildan buyon bir oila bo`lib yashab kelmoqdamiz. Ana shu vaqt davomida katta qizim universitet talabasi bo`ldi, kichik qizim Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini qo`lga kiritdi, o`g`lim esa 6-sinfda tahsil olish bilan birga, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashida sardorlar safida faoliyat yuritmoqda. Oilamizning eng katta yutug`i totuvligimizda. Shu sabab ham farzandlarimiz jamiyatimizga foydasi tegadigan etuk inson bo`lib etishmoqda, – deydi Zulxumor Masharipova.
Ochilish marosimidan so`ng maxsus trenerlar tomonidan yosh oila vakillari uchun birinchi o`quv-seminar o`tkazildi.






