AsosiyJamiyat

Muftiy Usmonxon Alimov internet va uning ta`siri haqida o`z fikrlarini bayon qildi

O`zbekiston Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov turli ijtimoiy tarmoqlardagi g`oyaviy tuzoqlar yoshlar ongiga salbiy ta`sir ko`rsatishini ta`kidladi.

“XXI asr – “axborot asri” deya bejizga nom olmadi. Zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarining imkoniyatlari tasavvurga sig`maydigan darajada keng. Turli aqidaparast va ekstremistik kuchlar o`zlarining buzg`unchi g`oyalarini tarqatishda ayni shu omildan unumli foydalanayotgani ham bor gap. Turli ijtimoiy tarmoqlardagi g`oyaviy tuzoqlar esa birinchi navbatda yoshlarga salbiy ta`sir ko`rsatishining ehtimoli katta, – deydi muftiy. – Keyingi besh yil davomida yurtimizda internetdan foydalanuvchilar soni ikki milliondan o`n millionga ko`paygani, ularning aksariyati yoshlar ekani inobatga olinsa, ijtimoiy tarmoqlarga in qurgan buzg`unchilar tarqatayotgan puch g`oyalar xavfi nechog`li ekani yanada oydinlashadi. Demak, imom-xatiblarimiz aholi o`rtasidagi turli shakldagi tushuntirish ishlarini olib borishlaridan tashqari, o`z faoliyati jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatidan samarali foydalanishlari ham muhim ahamiyat kasb etadi”.

Usmonxon Alimovning ta`kidlashicha, islom – tinchlik, ezgulik dini, “islom” so`zining o`zagi ham “tinchlik-osoyishtalik” ma`nolarini anglatadi.

“Shuning o`ziyoq muqaddas dinimiz har qanday urush-ziddiyatlarga qarshi ekanini ko`rsatadi. O`zlarining qabih qilmishlarini din bilan niqoblayotgan kuchlarning xatti-harakatlari esa asl diniy qadriyatlarga mutlaqo ziddir. Shunga qaramay, turli buzg`unchi oqimlar muqaddas Qur`oni karim va muborak hadislarni o`z egri yo`llariga moslab talqin qilishdek qabih ishlarga qo`l urayotganiga shunchaki qarab bo`lmaydi”, – deydi u. 

    Boshqa yangiliklar