Tarmoqlararo strategik innovasiyalar va axborotlashtirish markazi tomonidan Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda ilm-fan, ta`lim sohasi, sanoat tarmoqlari vakillari, tadbirkorlar, chet ellik olimlar ishtirok etmoqda, deya xabar beradi O`zA.
Konferensiyada innovasiyalar mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, intellektual salohiyatni himoya qilish va takomillashtirish, yangi sanoat va moliyaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish sohasi faoliyatini kengaytirish, mahsulot sifatini oshirish, uning eksportbopligini ta`minlashga doir vazifalarni hal etishda muhim o`rin tutishi haqida so`z yuritildi.
O`zbekiston ilm-fani bugungi kunda o`zgarib borayotgan bozor talablariga javob beradigan, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishga yo`naltirilgan innovasion iqtisodiyotning texnologik bazasini yaratish borasida ulkan imkoniyatlarni namoyon etmoqda. Mohiyatiga ko`ra noyob bo`lgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturining hayotga tatbiq etilishi natijasida fundamental va amaliy tadqiqotlar, jumladan, innovasiya loyihalari amalga oshirilishini ta`minlaydigan akademik va oliy o`quv yurti ilm-fanining rivojlangan sektori faoliyat ko`rsatmoqda.
Mamlakatimiz ilm-fani davlat tomonidan qo`llab-quvvatlanayotgani samarasida yangi tadqiqot yo`nalishlarini yaratish va mavjudlarini rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 2006 yil 7 avgustda qabul qilingan «Fan va texnologiyalar rivojlanishini muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida», 2008 yil 15 iyulda imzolangan «Innovasion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag`batlantirish borasidagi qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida» va 2010 yil 15 dekabrdagi «2011-2015 yillarda O`zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlari to`g`risida»gi qarorlari innovasion faoliyatni rivojlantirishda muhim omil bo`lib xizmat qilayotir.
Xalqaro forum ishtirokchilari ta`kidlaganidek, uzoq muddatli innovasion taraqqiyotning asosiy maqsadi xorijiy ilm-fan salohiyati va texnologiyalaridan foydalanish asosida va mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizasiya qilishning ustuvor vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan milliy ishlanmalar yordamida raqobatbardosh mahsulot va xizmatlar yaratishni ta`minlaydigan ochiq turdagi innovasion tizimni shakllantirishdan iborat. Shu munosabat bilan konferensiyada mamlakatimizni innovasion rivojlantirish jarayonlarini jadallashtirish borasidagi muhim vazifani hal etish uchun sanoatchilar, olimlar va tadbirkorlar sa`y-harakatlarini birlashtirish muhimligi qayd etildi.
Mamlakatimizda 1996 yildan buyon o`tkazib kelinayotgan «Innovasiya» xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi ushbu maqsadga erishishga xizmat qilmoqda. Mazkur anjuman innovasion madaniyatni shakllantirish, innovasion-texnologik rivojlanish masalalari bo`yicha olimlar, sanoatchilar, tadbirkorlar va yoshlar hamkorligini mustahkamlash, mamlakatimiz ilm-fani yutuqlarini namoyish etish, xalqaro tajribani o`rganish va xorijiy ishtirokchilar bilan ko`p tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga yordam bermoqda.
– Jamiyatimizda innovasion madaniyatni shakllantirish, ya`ni innovasiyalar zarurligini tushunish va xilma-xil innovasiyalarni o`z vaqtida qabul qilish qobiliyati innovasion rivojlanish jarayonining muhim bosqichidir, – deydi Tarmoqlararo strategik innovasiyalar va axborotlashtirish markazi direktori, professor O.Qodirov. – O`tgan yillar mobaynida o`tkazilgan konferensiyalar mamlakatimizni innovasion rivojlantirishga salmoqli hissa qo`shdi. Ilk tadqiqotlarimiz himoya qilingan o`nlab nomzodlik va doktorlik dissertasiyalari, iqtisodiyotimiz turli tarmoqlaridagi yangi texnologiyalar, mahsulot va xizmatlar shaklida hayotga tatbiq etildi.
So`nggi yillarda Tarmoqlararo strategik innovasiyalar va axborotlashtirish markazi sanoat korxonalari bilan iqtisodiyotimiz uchun muhim bo`lgan qator loyihalarni amalga oshirdi. Chunonchi, markaz olimlari tomonidan ishlab chiqilgan dasturlar xomashyoni qayta ishlash jarayonini boshqarishni avtomatlashtirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash, elektr va issiqlik energiyasi tejashga qaratilgan. Buning samarasida ishlab chiqarish sarf-xarajati kamayishi va sanoat korxonalari faoliyatining iqtisodiy samaradorligi oshishi ta`minlandi.
Oliy o`quv yurtlarida olib borilayotgan tadqiqotlar tarmoq va korxonalarning muayyan ehtiyojiga yo`naltirilayotgani kompleks vazifalarni hal etish imkonini bermoqda. Jumladan, ishlab chiqarish va uning talablaridan xabardor bo`lgan mutaxassislarni tayyorlash kengaymoqda. Ular talabalik paytidayoq korxonalar buyurtmasini bajarishda faol ishtirok etmoqda. Bu, o`z navbatida, real sektorga ishlab chiqarish texnologiyalarini jadal modernizasiya qilish va mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish imkonini berayotir. Yoshlar va ta`lim masalalari konferensiya sho``ba majlislaridan birining mavzusi sifatida bejiz tanlangani yo`q. Mazkur masalalar muhokamasi talab yuqori bo`lgan mutaxassislarni tayyorlashga nisbatan innovasion yondashuvlarni ko`rib chiqish va joriy etish imkonini beradi.
– O`zbekistonda ilm-fan va ishlab chiqarish integrasiyasi mexanizmini mustahkamlashga qaratilgan ilmiy va innovasion faoliyatni rivojlantirishning har tomonlama qo`llab-quvvatlanayotgani o`z samarasini bermoqda, – deydi Janubiy Ural davlat universitetining iqtisodiyot va moliya kafedrasi professori A.Butrin (Rossiya). – Olimlar va ishlab chiquvchilar tomonidan yaratilgan ilg`or texnologiyalarning keng joriy etilishi samarasida ichki va tashqi bozorda talab yuqori bo`lgan raqobatbardosh ilmiy mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi ortib, yangi ish o`rinlari yaratilmoqda va aholi daromadlari oshmoqda.
Konferensiyada muhim ilmiy-amaliy va ta`lim yo`nalishlari bo`yicha ma`ruzalar tinglanadi.