Bugun, 1 dekabrdan O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasining «Yil ayoli-2018» milliy tanlovining birinchi bosqichi start oldi. Bu haqda qo`mita matbuot xizmati xabar berdi.
Tanlov har yili ibratli ayollarni aniqlash, ularning faoliyati bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirish, ilg`or xayot va ish tajribasini ommalashtirish, aellarning o`z kasbiga bo`lgan fidoyiligi va ijodkorlik qobiliyatini rag`batlantirish, oilada va farzand tarbiyasida ibrat bo`lish bilan birga, jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan turli soha egalari bo`lgan xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish maqsadida tashkil etiladi.
Tanlovning dastlabki bosqichi 10 dekabrga qadar respublika hududlari bo`ylab o`tkaziladi.
Hududiy bosqichlar g`oliblari ishtirokchilarning faoliyati yuzasidan taqdim etilgan hujjatlar asosida o`rganiladi va har bir tuman/shahardan 1 nafardan nomzod saralab olinadi.
G`oliblarning hujjatlari «Yil ayoli» milliy tanlovining Respublika bosqichiga tavsiya etiladi.
20 dekabrga qadar tanlovning ikkinchi bosqichi bo`lib o`tadi.
Tanlovda «Gran-pri», 1-,2-,3-o`rin va 10 ta nominasiyalar bo`yicha g`oliblar aniqlanadi hamda tanlab olingan nomzodlarning hujjatlari Respublika tashkiliy qumitasiga tavsiya etiladi.
Xotin-qizlar qo`mitasining «Yil ayoli» mukofoti bilan taqdirlanadigan nomzodlar to`g`risida hududlardan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- ma`lumotnoma (ob`ektivka – oxirgi uch oydagi 3x4 o`lchamli rangli rasm va mehnat daftarchasi asosida to`ldirilgan bo`lishi shart);
- tavsifnoma (faoliyati davomida erishgan yutuq va ko`rsatkichlari, mehnat jamoasi erishayotgan yutuqlardagi hissasi, ijtimoiy-siyosiy faoligi va hokazolar);
- ishtirokchi faoliyatini aks ettiruvchi ma`lumotlar, albom va ko`rgazmali materiallar;
- yashash joyidan ma`lumotnoma.
O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasining «Yil ayoli» mukofoti sohibalarini e`lon qilish va tantanali taqdirlash marosimi Yangi yil bayrami arafasida Toshkent shahrida o`tkaziladi.
G`oliblar tantanali ravishda O`zbekiston xotin-qizlar qo`mitasining diplomi va qimmatbaho sovg`alari bilan taqdirlanadi.