Sharq xalqlari tarixini o`rganish, tadqiq etishda Tabariy, Narshaxiy, Bayhaqiy, Juvayniy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Nizomiddin Shomiy, Ibn Arabshoh, Abdurazzoq Samarqandiy singari olim va mutafakkirlar yaratib qoldirgan durdonalar katta ahamiyat kasb etadi. Ana shunday bebaho tarixiy asarlardan biri “Ravzatus-safo” asaridir.
Asarning ilk muallifi Mir Muhammad ibn Sayyid Burhoniddin Xovandshoh ibn Kamoluddin Maxmud al-Balxiy — Mirxond (1433-1498) o`rta asr tarix fanining ko`zga ko`ringan namoyandalaridan biridir. Mirxondning otasi Sayyid Burhoniddin Xovandshoh ham zamonasining bilimdon kishilaridan bo`lib, Temuriylar hukmronligi davrida Buxorodan Balxga kelib qolgan.
Mirxond 1433 yyli Balxda tug`ilgan bo`lsa-da, umrining deyarli kup qismini Hirotda o`tkazdi. Uning hayoti va ilmiy faoliyati haqida nabirasi Hondamir «Xulosat ul-axbor» kitobida qimmatli ma`lumotlarni yozib qoldirgan. Uning yozishicha, Hazrat Navoiy Mirxondga juda katta moddiy va ma`naviy yordam ko`rsatgan, o`zining «Ixlosiya» xonaqosidan bir hujra ajratib bergan va undan bir tarixiy asar yozib berishni iltimos qilgan. Mirxond bu asarni qisqa vaqt ichida yozib tamomlagan. 1497 yilning bahorida og`ir kasallikka chalinib, 1498 yilda olamdan o`tgan. Asarni uning nabirasi Xondamir davom ettirgan.
Bu asarning nomi «Ravzat us-safo fi siyrat ul-anbiyo va-l-muluk va-l-xulafo» («Payg`ambarlar, podshohlar va xalifalarning tarjimai holi haqida jannat bog`i») bo`lib, undan dunyoning yaratilishidan to 1523 yilga qadar Markaziy Osiyo, Yaqin va O`rta Sharq mamlakatlarida bo`lib o`tgan ijtimoiy-siyosiy voqealar keng bayon etilgan. Ravzat us-safo» muqaddima, ettita jild, xotima va jug`rofiy qo`shimchadan tashkil topgan.
Asar ranginva jozibali tilda, sodda va ravon uslubda yozilgan bo`lib, ilk sahifalardanoq o`quvchining ehtiborini o`ziga tortib oladi. U juda ko`p ibratli, ta`sirli, qiziqarli voqealarni o`z ichiga oladi. Asar tili va uslubiga ko`ra, o`z davrining bebaho adabiy yodgorligi hisoblanadi.
Mazkur bebaho asarning parchalari fransuz, lotin, shved, nemis va boshqa bir qator tillarga tarjima qilingan. Uzoq vaqt davomida ushbu asar evropaliklar uchun Sharq tarixini o`rganishda muhim manba bo`lib hisoblangan.
Asarning nodirqo`lyozmalaridan biri Sankt-peterburgda, D 203 raqami ostida Rossiya Fanlar akademiyasining sharq qo`lyozmalari institutida saqlanmoqda.1608 yilda ko`chirilgan, 233 varaqdan iborat bu qo`lyozmaning ayrim sahifalariga oltin suvi yugurtirilgan. Mazkur kitobda Tohiriylar davridan to Amir Temurning davlat tepasiga kelishiga qadar bo`lgan voqealar (820-1370 yy.) bitilgan.
6-8 iyun kunlari Sankt-Peterburgda o`tadigan “O`zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o`rtasida mulofotga yo`l” Ikkinchi xalqaro kongressi ishtirokchilari anjuman doirasida ushbu nodir qo`lyozmani ham o`z ko`zlari bilan ko`rishlari mumkin.
Shundan ushbu kitob asarning 4-5 qismlarini o`z ichiga olgan, deb xulosa qilish mumkin.
Mirxondning bu asari juda ko`p mamlakatlar tarixini o`rganishda qimmatli manba bo`lib xizmat qiladi. Kitobning faksimile nusxasi ko`pgina tadqiqotchilar uchun Markaziy Osiyo tarixi, xususan temuriylar davrini o`rganishja muhim manba bo`lib xizmat qiladi.
Asarning o`zbekchaga tarjimasi Muhammad Rahimxon Feruz davri (1865-1873)da mashhur shoir va tarixchilar Shermuhammad Munis (1778-1829) va Muhammad Rizo Ogahiy (1809-1894) tomonidan amalga oshiriladi.
Asrlar o`tishi bilan sulolalar o`zgardi, davru davronlar almashdi. Shu bois XVI asr birinchi choragidan keyingi voqealarni puxta, asosli yoritadigan asarlarga ehtiyoj sezila boshlagandi. Ammo, bu singari katta hajmli asarni munosib tarzda davom ettirishga har qanday tarixchi olim jur`at eta olmasdi. Biroq, Eronda Qojorlar davrida yashagan mashhur tarixchi, shoir vadiplomat Rizoqulixon Hidoyat (1800-1871) ana shu ishga qo`l urdi.
Rizoqulixon yoshligidan Qojorlar sulolasining vakili Fathali Shoh (1797-1834)ning saroyida xizmat qilgan. O`zining rangin she`rlari bilan shohning nazariga tushgan Rizoquli “amirush-shuaro” (shoirlarning amiri” unvonini olgan.
U sulolaning keyingi vakili Nasriddin Shoh Qojor zamonida ham (1848-1896) saroyda mas`ul vazifalarda ishlagan. Saroy kutubxonasi rahbari bo`lgan, keyinchalik Eronda yangi usuldagi maktab ochib, uni boshqargan.
Rizoqulixon Hidoyat Sharqda forsiy tildagi eng mukammal tarixiy asarlardanbiri sanalgan “Ravzatus-safo” asarining davomini yozishga kirishdi. Rizoqulixon Mirxondning bayon uslubini saqlagan holda Safaviylar davridan boshlab, Afsharlar, Zandlar va Qojorlar sulolasi davrida Eron, Xuroson va qisman Movarounnahrda yuz bergan voqealarni o`zining uch jildli asarida yozib qoldirgan. Asar Nasriddin Shohga bag`ishlab bitilgani uchun uning ismiga monand tarzda “Ravzatus-safoi Nosiriy” deb nomlangan.
Rizoqulixon Hidoyat 1851 yilda NasriddinQojor (1834-1848) ning topshirig`i bilan Xiva xoni Muhammad Aminxon (1845-1855) huzurigaelchi bo`lib keladi. Mazkur elchilik asnosida Eron-Xorazm munosabatlariga oydinlik kiritish yuzasidan muzokaralar olib borilgan. Xorazmdagi sayohati haqida u “Saforatnomai Xorazm” (Xorazm safari kundaligi) asarini ham yozadi. (Mazkur asar 2009 yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida Ismoil Bekchon tarjimasida o`zbek tilida bosilib chiqqan). Mazkur asarida Rizoqulixon Xorazm xaqlining tarixi, madaniyati, turmush tarzi, urf-odat va an`analari, xususan Xiva xonligida 19-asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy vaziyat haqida qimmatli ma`lumotlar beradi.
Chamasi, Hidoyat Xiva xonligiga tashrifidan sal avvalroq “Ravzatus-safoyi Nosiriy” asarini yozib tugatgan edi. Chamasi u mazkur asarning bir nusxasini o`zi bilan olib kelgan. U Xivada bo`lgan paytida buyuk o`zbek shoiri Ogahiy bilan ham uchrashgani, u bilanijodiy hamkorlik qilgani ma`lum.
Yuqorida aytilganidek, “Ravzatus-safo”ning o`zbek tiliga tarjimasi Munis tomonidan boshlangan, bu ishni endilikda Ogahiy davom ettirayotgan edi. Shoir keyinchalik, ushbu yirik tarixiy asarning Rizoqulixon qalamiga mansub qismini ham o`zbekchaga o`girgan.
Bugungi kunda Mirxond va Xondamir qalaimiga mansub “Ravzatus-safo” asari bilan birga Ogahiy tarjimasidagi “Ravzatus-safoi Nosiriy” asari ham Rossiya fanlar akademiyasining Sankt-Peterburgdagi Sharq qo`lyozmalari institutida saqlanmoqda.