O‘zbekistonda so‘nggi yetti yilda boshqaruv kadrlari tarkibi ancha yosharib, 40 yoshgacha bo‘lgan rahbarlar ulushi 37 foizdan 65 foizga oshdi. Bu haqda bugun, 30 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
“Biz Yangi O‘zbekistonda “xalq xizmatidagi davlat” tamoyilini ro‘yobga chiqarishda siz kabi iqtidorli, jonkuyar va yetakchilik qobiliyatiga ega o‘g‘il-qizlarimizga tayanamiz.
Shu bois, o‘tgan oyda istiqbolli kadrlar tayyorlash va ularni davlat boshqaruviga jalb etish bo‘yicha muhim farmonni imzoladim.
Endi, Davlat boshqaruvi akademiyasida “Kelajak liderlari” dasturi bo‘yicha har yili 100 nafar salohiyatli yoshlar o‘qitiladi”, dedi Prezident.
Bu yoshlar vazir va hokimlarga biriktiriladi, ikki oy ularning yonida yurib, tajriba orttiradi. Bir oyga xorijiy stajirovkaga yuboriladi.
Dasturni tamomlagan yoshlar rahbarlik lavozimlariga asosiy nomzod bo‘ladi.
Shuningdek, hozir tog‘-kon, agrosanoat, to‘qimachilik, kimyo, elektrotexnika, qurilish materiallari sohasida 1 million yoshlar mehnat qilmoqda. Endi sanoat, servis, tadbirkorlik va qishloq xo‘jaligida band yoshlarning kasbiy rivojlanishi bo‘yicha ham tizim yaratiladi. Har bir kasb yo‘nalishi bo‘yicha aynan yoshlar o‘rtasida respublika musobaqalari o‘tkaziladi. Bunda davlat korxonalari va xususiy sektor vakillari tengma-teng ishtirok etadi.
Tarmoq rahbarlari har yili o‘z tizimidagi 100 nafar yoshni seleksiya qilib, xorijiy stajirovkaga yuborishni yo‘lga qo‘yadi. Buning uchun, har bir tarmoq 10 milliard so‘mdan ajratadi. Bu mablag‘lar soliq solish bazasidan chegirib tashlanadi.
Bundan tashqari, o‘qishga kira olmagan maktab bitiruvchilari hamda texnikum va oliygohlarni tugatayotgan talabalarni band etish bo‘yicha 2 ta alohida dastur qabul qilindi. Shu maqsadda Aloqabank va Milliy bankka 300 million dollar ajratildi. Ular “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 100 ming yoshlarni, “Kelajakka qadam” orqali 140 ming oliygoh bitiruvchisini daromadli ish bilan ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.
Bandlik vazirligi Savdo-sanoat palatasi Milliy bank bilan birga oliygoh, texnikum, kasbiy ta’lim bitiruvchilarini ish beruvchilar bilan bog‘laydigan platformani ishga tushiradi. Bandlik, Maktab, Oliy ta’lim vazirliklari “Harakatda daromad” elektron tizimini yaratib, ta’tildagi 3 million yoshlarni malaka talab qilmaydigan ishlar bilan band qiladi. Har yili yuqori sinf o‘quvchilarini kasb tanlashga qiziqtirish va ko‘maklashish maqsadida “Mening kasbim” respublika tanlovi o‘tkaziladi.