2024 yil O‘zbekiston yoshlari top-500 talik oliygohlarga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. Bu haqda bugun, 30 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Davlat rahbari butun O‘zbekiston yoshlarini qutlug‘ ayyom – Yoshlar kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
“Keyingi yillarda iqtisodiyotimiz tez sur’atlar bilan o‘sib, barcha sohalarda imkoniyatlarimiz ortib borayotganida, hech shubhasiz, siz yoshlarning ham munosib hissangiz bor.
Bilagida kuch-g‘ayrat, har bir harakatida azmu shijoat jo‘sh urgan yigitlarimizni, bilim va odobda, aql-zakovatda tengsiz qizlarimizni ko‘rib, har qanday xalq, har qanday davlat bizga havas qilsa arziydi.
Katta-katta davlatlar, dunyoning eng nufuzli kompaniyalari bugun bizga nega ishonmoqda? Nega milliardlab dollar investitsiya kiritmoqda?
Bu, albatta, bejiz emas. Chunki hamkorlarimiz yoshlarimizning ilm-fan, ta’lim, IT, madaniyat, san’at va sportdagi yutuqlarini ko‘rib, salohiyatimizga baho bermoqda, ertangi kunimiz poydevori mustahkam ekaniga ishonch hosil qilmoqda”, dedi Prezident.
Prezident islohotlar boshlangan ilk kunlardanoq “ilm – tarbiya – innovatsiya” zanjirini yaratishga kirishilganini, bu harakatlar bugun aniq natijalar berayotganini qayd etdi. Masalan, o‘tgan yili mamlakat yoshlari top-500 talik oliygohlarga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. Bilimli yoshlar ilk bor top-5 talikdagi oliygohlarga kirib, tarixiy natija qayd etdi.
Bugungi kunda 30 nafar yoshlar dunyoning top-10 talik oliygohida, 500 nafari top-100 va 1 ming 500 nafari top-300 dan joy olgan nufuzli universitetlarda tahsil olmoqda.