AsosiySiyosat

Mahallada bitta bolaning noto‘g‘ri yo‘lga kirishi ham favqulodda holat bo‘lishi kerak — Shavkat Mirziyoyev

Prezident yoshlar bilan uchrashuvida yangi saylangan mahalla raislariga murojaat qildi.

'Mahallada bitta bolaning noto‘g‘ri yo‘lga kirishi ham favqulodda holat bo‘lishi kerak — Shavkat Mirziyoyev'ning rasmi

Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni yoshlar bilan uchrashuvida yangi saylangan mahalla raislariga murojaat qilib, mahallada bitta bolaning noto‘g‘ri yo‘lga kirishi ham favqulodda holat bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

"Albatta, yoshlarning tilini yoshlar tushunadi, ular bir-biridan o‘rnak oladi, bir-biriga motivatsiya beradi. Shu bois, 9 mingdan ziyod mahallada yoshlar yetakchilarini tayinladik. Ular uch yil davomida ko‘p narsani o‘rgandi, yetarli tajriba orttirdi. Endi, ular maktab, texnikum, til va kasb markazlari bilan ham ishlashni o‘rganishi kerak", — dedi prezident uchrashuvdagi nutqida.

Davlat rahbari mahallalarda 167 ming nafar uyushmagan yoshlar, tarbiyasi og‘ir va huquqbuzarlik qilgan 17 ming o‘quvchi borligi barchani o‘ylantirishi kerakligini qayd etdi va yangi saylangan mahalla raislariga murojaat qildi.

"Mahalladagi tinchlik, hamjihatlik, mehr-oqibat, sog‘lom muhit kimga bog‘liq? Avvalo, sizlarga bog‘liq. Mahallada bitta bolaning noto‘g‘ri yo‘lga kirishi ham favqulodda holat bo‘lishi kerak. Shuning uchun, har bir bola haqida, uning taqdiri, kelajagi haqida avvalo sizlar ko‘proq qayg‘urishingiz lozim", — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat rahbari bolaning yomoni bo‘lmasligini aniq tushunib olish zarur ekanini qo‘shimcha qildi.

"Ularga kattalarning mehri, imkoniyatlarini namoyon qilish uchun sharoit, o‘ziga ishonch bo‘lishi uchun motivatsiya kerak", — dedi u.

Prezident bunga Tadbirkorlik jamoatchilik kengashi a’zolari — 108 nafar "chempion" tadbirkor o‘zining 308 ta korxonasi atrofidagi maktablarga borib, yuqori sinf o‘quvchilarini kasbga qiziqtirayotgani misol qilib keltirdi. Shavkat Mirziyoyev bu o‘quvchilarning aksariyati kelajakda hayotini qaysi kasbga bog‘lash haqida aniq tasavvurga ega bo‘layotganini aytdi.

"Bunday tashabbuskor, fidoyi, vatanparvar tadbirkorlar — mening qanotlarim. Ayting, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kasbga yetaklash, ishli va daromadli qilish uchun sizlarga yana qanday sharoit qilib beray? Katta-katta tadbirkorlarimiz hokimlar bilan uchrashib, takliflarini tez kunda shakllantirib bersalar, bularni barchasini ko‘rib chiqishga tayyorman", — dedi prezident.

    Boshqa yangiliklar