Mamlakatimizda 25 oktyabr – O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlari kuni keng nishonlandi.
Yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikning barqarorligi iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotning, xalqimiz farovonligining ishonchli kafolati bo`lib xizmat qilmoqda. Bunda ichki ishlar idoralari xodimlarining ham alohida o`rni bor.
O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlari kuni keng nishonlanayotgani ushbu mas`uliyatli kasb sohiblariga bo`lgan e`tiborning yorqin namunasidir. Mazkur sana munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida tantanali tadbir bo`lib o`tdi.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant A.Ahmadboev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz taraqqiyotida yangi-yangi muvaffaqiyatlar qo`lga kiritilayotganini ta`kidladi. Buning zamirida mamlakatimizda hukm surayotgan barqarorlik, osoyishtalik, hamkorlik, o`zaro hurmat va mehr-oqibat muhiti mujassam.
Qonunchilik va huquq-tartibotni mustahkamlashga bo`lgan e`tibor bu jarayonda alohida ahamiyat kasb etayotir. Bu borada tizimning muhim bo`g`ini bo`lgan ichki ishlar idoralarida keng ko`lamli islohotlar amalga oshirildi, barcha tuzilmalar sifat jihatdan butunlay yangicha asosda shakllantirildi.
Huquq-tartibotni saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy usul va vositalaridan foydalangan holda jamoat xavfsizligini ta`minlashning samarali tizimini qaror toptirish bo`yicha belgilangan ustuvor vazifalar hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Tezkor-qidiruv xizmati va tergov bo`linmalari mustahkamlandi. Yo`l harakati xavfsizligi, post-patrul, profilaktika xizmatlari, yong`in xavfsizligi tizimi zamon talabidan kelib chiqqan holda takomillashtirildi.
Ichki ishlar idoralari xodimlarining aholi hamda fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish idoralari bilan hamkorligi yanada mustahkamlandi. Profilaktika inspektorlarining mahalla faollari bilan hamjihatlikda aholi o`rtasida olib borayotgan targ`ibot-tushuntirish ishlari, fuqarolarning ijtimoiy himoyasiga doimiy e`tibor qaratilayotgani shahar va qishloqlarimizda ijtimoiy muhit barqarorligini ta`minlashga xizmat qilmoqda. Joriy yilning o`tgan davrida uch mingga yaqin mahallada birorta jinoyat sodir etilishiga yo`l qo`yilmagani ham ana shu hamkorlik natijasidir.
Ichki ishlar idoralarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani va yuksak malakali, professional kadrlarni tayyorlash yo`lga qo`yilgani, shaxsiy tarkibning nafaqat kasb mahorati, balki ma`naviy-ma`rifiy, siyosiy-ijtimoiy va huquqiy bilimini oshirish, xodimlarni ijtimoiy himoyalash, ularning xizmatini rag`batlantirish borasida olib borilayotgan ishlar ham sohadagi yutuqlarni ko`paytirmoqda. El-yurtimiz osoyishtaligini ta`minlashga munosib hissa qo`shgan ko`plab ichki ishlar idoralari xodimlari davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo`lgani fikrimizning isbotidir.
Prezidentimizning 2014 yil 23 oktyabrdagi “O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh xodimlarni mukofotlash to`g`risida”gi farmoni buning yaqqol tasdig`idir.
Tadbirda mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
– Prezidentimizning farmoni sohamizga bo`lgan yuksak e`tibor va ishonch ifodasidir, – deydi Ichki ishlar vazirligi bo`lim boshlig`i To`lqin G`ozibekov. – Ana shu ishonchni oqlash, xalqimiz tinchligi, mamlakatimiz osoyishtaligi yo`lida mehnat qilish ichki ishlar xodimlarining muqaddas burchidir.
Tantanali tadbirga san`atkorlarning konsert dasturi bayramona ruh bag`ishladi.
27.10.2014 11:34





