AsosiyJamiyat

Bitta sinfda necha nafar o`quvchi bo`lishi kerak

“Zarafshon” gazetasi tahririyatiga Paxtachi tumani “Jahonobod” mahallasida yashovchi bir guruh ota-onalar shikoyat xati yo`llab, unda shu tumandagi 24-umumta`lim maktabining 5-sinfida 43 nafar o`quvchi bitta sinfxonada o`qitilayotgani va bu ko`plab noqulayliklarni keltirib chiqarayotganini bayon etgan. Tahririyat tomonidan shikoyat arizasi o`rganib chiqilishi uchun viloyat moliya boshqarmasiga yuborilgan.

Gazetaning yozishicha, viloyat moliya boshqarmasi javob maktubini yuborib, unda shikoyatni o`rganish mobaynida mazkur maktabning 5-sinf o`quvchilari 43 nafarni emas, balki 39 nafarni tashkil etishi aniqlanganligini ma`lum qilgan.

Shuningdek, xat mazmuniga ko`ra, 39 nafar o`quvchini ikkita sinfga bo`lish imkoniyati yo`qligi, 2014-2015 o`quv yilida mazkur sinf o`quvchilari bitta sinfda o`qitilishi rejalashtirilganligi ota-onalarga tushuntirilgan. 24-umumta`lim maktabida 22-umumta`lim maktabiga yaqin masofadan kelib o`qiyotgan o`quvchilar ham borligi uchun, ularning ota-onalariga farzandlarini 22-maktabga, o`tkazish yuzasidan taklif berilgan.

Ayni vaqtda 24-umumta`lim maktabi direktori X.Rasulovaning bildirishicha, 5-sinfda 33 nafar o`quvchi ta`lim olmoqda. Qolgan o`quvchilar 22-maktabda o`qimoqda.

Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 19 iyuldagi “Umumta`lim maktablarining o`quv binolaridan samarali foydalanishga doir chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, barcha turdagi umumta`lim maktablari sinflarida, shu jumladan, maktab-internatlar, gimnaziyalar va liseylarda o`quvchilar soni normativi I-IX sinflarda — 35 o`quvchi, X-XI sinflarda — 30 o`quvchi etib belgilangan.

uz24.uz

    Boshqa yangiliklar