AsosiySport

Umid Ahmadjonov FIFA sammitida qatnashish uchun Qatarga jo`nab ketdi

'Umid Ahmadjonov FIFA sammitida qatnashish uchun Qatarga jo`nab ketdi'ning rasmi

O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti, O`zbekiston futbol assosiasiyasi birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov FIFA sammitida qatnashish uchun bugun erta tongda Qatar mamlakatiga jo`nab ketdi.

11-13 dekabr kunlari Qatar poytaxti Doha shahrida FIFAga a`zo 5ta konfederasiyadan 50 ta mamlakat vakillari turli masalalarni muhokama qilishadi. Mazkur mamlakatlar qatorida O`zbekiston futbol assosiasiyasi ham FIFA sammitiga taklif etilgani quvonarli, albatta. Doha shahri 2017 yilning fevral oyida ham FIFA sammitiga mezbonlik qilgandi. Bu FIFAning Dohadagi ikkinchi sammiti bo`ladi.

Qatardagi sammitda FIFA tomonidan tashkil etilayotgan musobaqalarga tayyorgarlik jarayoni muhokama qilinib, tashkiliy qo`mita hisobotlari tinglanadi. Shuningdek, FIFAga a`zo futbol assosiasiyalarini moliyaviy qo`llab-quvvatlash masalalari muhokama qilinadi. Bundan tashqari, VAR tizimini rivojlantirish bo`yicha ham amaliy takliflar ko`rib chiqiladi.

«FIFAga a`zo futbol assosiasiyalari vakillari bilan tez-tez uchrashib turish juda ham muhim. Mazkur uchrashuvlar davomida ularni qiynayotgan masalalar tinglanib, ularga amaliy yordam berish chora-tadbirlari ko`rib chiqiladi. FIFA sammitlari orqali butun dunyo futbolidagi global muammolarni hal etishga harakat qilamiz», – deya o`z fikrlarini bildirib o`tdi FIFA prezidenti Janni Infantino bo`lajak sammit haqida.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar